1000 nafar ehtiyojmand aholi bepul skriningdan oʻtkazilib, katarakta aniqlangan bemorlarda sunʼiy gavhar qoʻyiladi.
Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Birlashgan Arab Amirliklarining “NOOR Dubai” xalqaro tashkiloti bilan birgalikda koʻz kataraktasidan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimizga jarrohlik yoʻli bilan oftalmologik yordam koʻrsatish maqsadida muruvvat aksiyasiga start berdi.
Aksiya doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida yurtimizning barcha hududlaridan kelgan jami 1000 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bemor yuqori texnologik skrining tekshiruvlaridan oʻtkazilib, katarakta kasalligi aniqlanganlarga davolashning “oltin standarti” asosida yuqori texnologik fakoemulsifikatsiya usulida sunʼiy gavhar implantatsiyasi bilan jarrohlik amaliyoti bajariladi.
Aksiya shu yilning 14-17-aprel kunlari Toshkent shahrida, 17-19-aprel kunlari Samarqand shahrida – markaz filialida oʻtkaziladi.
Har bir bemorga jarrohlikdan keyin davolanishni davom ettirish uchun barcha dori va sarflov vositalari bepul taqdim etiladi.