Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tasarrufidagi 23 ta sanatoriy va bitta dam olish uyi xalqimiz sogʻligʻini mustahkamlash bilan birga, maʼnaviy dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi yoʻlida ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Shunday sanatoriylar soni yana bittaga koʻpaydi.

Dunyo standartlari talablari asosida barpo etilgan “Zarkent” sanatoriysi ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, qator vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlar masʼullari, nuroniylar, mahalla faollari, ijodkorlar, ustoz-murabbiylar va yoshlar ishtirok etdi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” degan bosh tamo­yil asosida ezgulik, insoniylik kabi qadriyatlar mujassamlashgan koʻplab loyihalar, insonparvar islohotlar amalga oshirilyapti, — deydi Qudratilla Rafiqov. — Yangi Oʻzbekistonda barcha sohalarda birdek roʻy berayotgan oʻzgarishlar mohiyatida inson va uning manfaati yuksalayotgani, yurtdoshlarimiz bundan-da yaxshi yashashi, munosib mehnat qilishi, mazmunli hordiq chiqarishi, umrini koʻp yaxshilik­lar bilan ziynatlashi bosh maqsad qilib olingani fikrimiz tasdigʻidir.

Bugun foydalanishga topshirilgan “Zarkent” sanatoriysi ham ulkan bunyodkorlik va xalq manfaatlari koʻzlangan siyosat mahsulidir. Boisi, davlatimiz rahbari Toshkent viloyatiga tashrifi chogʻida ana shu ezgu taklifni ilgari surgan edi. Bugun barchamiz bu ajoyib maskan ochilishi tantanasiga guvoh boʻlib turibmiz.

Soʻlim va maftunkor Zarkent qishlogʻida barpo etilgan 150 oʻrinli sanatoriy nafas yoʻllari va asab tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan.

Umumiy maydoni 2,8 gektar boʻlgan maskan tashxis qoʻyish va davolash bilan birga salomatlikni tiklash va turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi soʻnggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.

Barcha qulayliklar bir joyda, yaxlit tashkil etilgan sanatoriyda fizioterapiya, fitoterapiya, lazerli terapiya, psixoterapiya, jismoniy tarbiya, uqalash, suv bilan davolash kabi usullardan keng foydalangan holda muo­lajalar qilinadi. Bu yerdagi koʻrkam bogʻ va gulu rayhonlar ifori dam oluvchilarning koʻng­liga halovat, ruhiyatiga sokinlik ulashadi.

Sanatoriydagi qurilish-bunyodkorlik ishlariga, mebellar, inventarlar, ­tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 50 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi. Muhimi, yuzga yaqin fuqaro ish bilan taʼminlandi.

Bir soʻz bilan aytganda, sanatoriy Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yilida xalqimizga munosib tuhfa boʻldi.

Tadbirda “Zarkent” sanatoriysiga “Lasetti” va “Damas” avtomobillari topshirildi.

— Oʻzbekiston tom maʼnoda yangilanish va oʻzgarishlar yurtiga aylangani, islohotlar xalqimiz turmushi farovonligini oshirishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustam Qurbonov. — Yurtimizdagi keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Bu oʻzgarishlar odamlar koʻz oʻngida yuz bermoqda. Koʻp million aʼzoga ega Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiya­si ham yangi sihatgohlar barpo etish, bu orqali xalqimiz salomatligini yaxshilash borasidagi tizimli ishlarga oʻz hissasini qoʻshayotgani tahsinga loyiq.

Yurtdoshlarimiz sogʻligʻini saqlash chora-­tadbirlari yil sayin kengayib, takomillashib bormoqda. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimdagi sanatoriylar moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularning qabul quvvatini oshirish, yangi sihatgohlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Pirovardida, mavjud sanatoriylar oʻz reytingi, davolash muolajasi va usullari xilma-xilligi, majmuaviy qulayliklarga egaligi bilan nafaqat Markaziy Osiyo, balki uzoq xorijdagi nufuzli sanatoriylar bilan bemalol raqobat qila oladi. Shu bois, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston sanatoriylariga chet mamlakatlardan keluvchilar soni ­keskin koʻpaydi.

“Zarkent” sanatoriysining ilk dam oluvchilari koʻp yillar davomida turli sohalarda mehnat qilib, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan, oʻgit va maslahatlari bilan yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan otaxon va onaxonlar boʻldi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri