Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi joylarda qurilib foydalanishga topshirilgan va qurilishi davom etayotgan bino va inshootlarda jamoatchilik nazorati tartibida kuzatuv olib bormoqda. Jumladan, Yakkabogʻ tumanida olib borilgan oʻrganishlarda qurilish sohasida jiddiy xato va kamchiliklar koʻzga tashlandi.
Yakkabogʻ tumani hokimining 2021-yil 9-apreldagi 41-4-68-Q/21-sonli qarori bilan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan “Uchtepa” MFY Choʻmich dahasi hududidagi zaxira yer maydonidan ikkita besh qavatli 20 xonadonli uy-joylar qurilishi uchun 1,5 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Qizigʻi shundaki, mazkur yer uchastkasi boshqa bir tadbirkorga issiqxona qurish uchun ajratilgan. Buning natijasida ikki tadbirkor oʻrtasida mojaro yuzaga kelgan. Vaholanki, ikkita koʻp qavatli uy-joy uchun koʻpi bilan 0,5 gektar yer maydoni yetarli.
Shuningdek, Yakkabogʻ tumani hokimi tomonidan piyoda va velosipedda yuruvchilar uchun moʻljallangan “Salomatlik yoʻlaklari” qurilishi uchun “Yangiobod”, “Choʻmich” va “Jambul” MFY hududidan joy ajratish moʻljallangan. Tuman hokimining tegishli qarori qabul qilingan. Biroq qarorda belgilangan, tuman markazidan oʻtuvchi shohkoʻcha juda torayib qolgan. Bu ham yetmagandek, tuman hokimining tegishli koʻrsatmalariga muvofiq, fuqarolar tadbirkorlik faoliyatini yuritishi uchun yoʻl yoqasiga konteynerlar oʻrnatilgan. Bu esa “Salomatlik yoʻlagi”ni qurish imkoniyati yoʻqligini koʻrsatadi.