Oʻzbekiston boʻyicha iyul oyining birinchi kunlari oʻrtacha issiq boʻldi. Hududning katta qismida havo harorati kunduz kunlari 37-39 darajaga yetdi, janubda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda 40-43 darajagacha boʻldi.

Yakshanba kuni respublikaning shimoliy hududlariga Qozigʻiston hududlaridan nisbatan salqin havo massasi kirib keldi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati 31-32 darajagacha pasaydi.

Bugun salqin havo respublikaning barcha hududlariga tarqala boshladi. Kunduzi havo harorati 33-36 darajagacha, janubda 40 darajagacha pasayadi. Meʼyoriy qimatlarga yaqin boʻlgan bunday harorat foni ish haftasining oxirigacha saqlanib turadi.

3-7-iyul kunlari ayrim togʻ oldi va togʻli hududlarda, shuningdek, 4-iyulda kechga tomon Fargʻona vodiysi viloyatlari boʻyicha baʼzi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.

Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, 3-4-iyul kunlari eng chekka janubda 20-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtimizda havo biroz bulutli boʻladi, vaqti-vaqti bilan oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yoʻnalishdagi shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat asosan 34-36 daraja boʻladi.