Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri davomida jami 1 ming 395 ta shaxsga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish qoʻzgʻatildi. Shundan 279 ta tadbirkorlik subyektlariga nisbatan va 56 ta boshqa shaxslarga nisbatan qoʻzgʻatilgan. 1 ming 66 nafar shaxslarga nisbatan qoʻzgʻatilgan 1 ming 116 ta maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar boshqarma va tuman boʻlimlari tomonidan koʻrib chiqildi.

Tahlil natijalariga koʻra, 736 nafar shaxs suv va suvdan, 388 nafar shaxs yerlardan, 229 nafar shaxs qishloq xoʻjaligi va yoʻl qurilish texnikalaridan foydalanishda xatoga yoʻl qoʻygan. Paxta xom-ashyosini topshirish shartnomalarini bajarmaganlik va paxta xom-ashyosini saqlashda davlat standartlariga rioya qilmaganlik holatlari ham koʻzga tashlandi. Bunday holatlar yuzasidan 42 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi va ulardan davlat hisobiga 356956 ming soʻm miqdorida jarima undiriladi.

Qolaversa, joriy yilning oʻtgan davrida Baliqchi, Boʻston, Izboskan, Marhamat tumanlarida urugʻchilik sohasida deyarli nazorat tadbirlari oʻtkazilmagan yoki mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilida ish koʻrilgan.

Tumanlardagi boʻlimlar tomonidan joylarga jami 924 ta yozma koʻrsatma, 110 ta taqdimnoma, 4364 ta ogohlantirish xatlari yuborilgan.

Oʻtgan hisobot oyi davomida boshqarma va tuman boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligi yerlaridan noqonuniy foydalanganlik holatlari boʻyicha 388 ta maʼmuriy ishlar qoʻzgʻatilgan boʻlsada, ushbu holatlar yuzasidan keltirilgan zararlarni undirish boʻyicha sudlarga daʼvo arizalari kiritish amaliyotidan foydalanilmagan. Koʻrilayotgan izchil chora-tadbirlar kutilgan natijani berishi uchun hamkor tashkilotlar ham masʼuliyat va tezkorlik bilan yondashsa, ayni muddao boʻlar edi.

Farhodjon AXUNOV,

«Oʻzagroinspeksiya», Andijon viloyati boshqarmasi Maʼmuriy amaliyot boʻlimi bosh inspektori