Unda O'zbekiston, Xitoy, Rossiya, Belorusiya, Qozog'iston va boshqa Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga kiruvchi mamlakatlardan 200 tadan ortiq nashriyotlar qatnashdi.
Nufuzli xalqaro kitob bayramida o'zbekistonlik noshirlari o'zlarining 180 nomdagi 200dan ortiq sara kitoblari bilan ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida ko'rgazma-yarmarka Hay'ati tomonidan “Kitobat san'ati” yo'nalishida turli nominatsiyalar bo'yicha kitoblar tanlovi o'tkazildi. Tanlovda O'zbekiston Respublikasi Ma'naviyat va ma'rifat markazining “Ma'naviyat” nashriyoti tomonidan nashr etilgan “SAMARQAND – er yuzining sayqali” kitob-al`bomi ko'rgazma-yarmarkaning bosh mukofoti – “Gran-pri”ga sazovor bo'ldi.
Kitob-al`bom Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2022 yil sentyabr` oyida Samarqandda bo'lib o'tgan sammiti munosabati bilan 4 ming nusxada nashr qilingan.
Samarqandga bejiz “Er yuzining sayqali” deya ta'rif berilmagan. Negaki, bu zamin insoniyat tsivilizatsiyasida muhim rol` o'ynagan, tarix sahifalarida nomi zarhal harflar bilan yozilgan va o'chmas iz qoldirgan.
Samarqand – ilmu irfon, madaniyat va san'at beshigi, buyuklik, salobat va ezgulik viqorining timsoli. Shu boisdan tarixi miloddan avvalgi VIII asrlarga borib taqaluvchi bu yurt mudom dunyo hamjamiyatining diqqat markazida bo'lib kelmoqda.
Samarqandga bag'ishlangan mazkur kitob-al`bom uning qadim tarixidan to bugungi kungacha bo'lgan qiyofasini aks ettiradi. Kitob-al`bomning birinchi bobi “Tarix ibtidosi” deb ataladi. Unda ushbu mo''jiza shaharning eng qadimgi tarixi, arxeologik topilmalar yorqin ranglarda jtlolanadi. Juda qadim tarixga ega bo'lgan bu noyob topilmalar o'zining rang-barangligi bilan har qanday toifa, millat yoki elatga mansub bo'lgan insonni hayratga soladi, uni insoniyatning olis tarixi ko'chalariga etaklaydi.
Kitob-al`bomning Samarqand tarixiga bag'ishlangan “eng qadim tarix”, “SHaharning paydo bo'lishi va rivojlanishi” bo'limlarida shahar juda ko'p shonli davrlarni boshidan kechirgani, Afrosiyob, Ixshid va boshqa tarixiy-arxeologik ob'ektlar ushbu vohaning dunyo tamadduni taraqqiyotida munosib o'rin tutganidan dalolat berishi haqida aniq ko'rgazmali vositalar, rango-rang rasmlar asosida hikoya qilinadi. Bu yurt Evropa Rimining tengdoshi, u dunyo tamaddunida alohida iz qoldirgan Afina, Vavil`on kabi qadimiy shaharlar qatorida turishi bayon qilingan.
Samarqand miloddan avvalgi birinchi ming yillikda SHarq va G'arb tamaddunini bog'lab turuvchi markaz vazifasini bajargan. Bu maskan G'arbda Vizantiya, Janubda Vavil`on, Shumer, Hind, Sharqda Xuanxe, Yantszi, SHimolda Sahroi Nomadlar tamaddunlarini bir-biriga tutashtirib turgan.
Birinchi va Ikkinchi renessans davridagi Samarqand taraqqiyoti, uning madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, bu davrlarning dunyo tamaddunidagi o'rni kitob al`bom sahifalarida yorqin misollar va suratlar asosida aks ettirilgan.
Samarqandning O'rta asrlardagi shonu shavkati, ilm-fan, madaniyat, iqtisod, dehqonchilik, hunarmandchilik va boshqa sohalarda qo'lga kiritgan yutuqlari ishonchli dalillarda yoritilgan.
Viloyatning Mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari alohida bo'yoqlarda ko'rsatilgan. SHahardagi mingdan ortiq tarixiy obidalarning eng saralari, inson qo'li bilan yaratilgan eng go'zal namunalari noshir va dizaynerlar say'-harakati bilan zamonaviy kitobat san'atining yuksak pog'onalarida taqdim qilishga munosib darajada harakat qilingan.
Keyingi yillarda Samarqandda amalga oshirilgan tarixiy o'zgarishlar, obodonchilik, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, sayyohlik salohiyati, shaharni yaqin va uzoq o'tmishdagi holati hamda bugungi ko'rkam qiyofasi yorqin misollarda yoritilgan.
Fotolar bilan juda go'zal qilib bezatilgan kitob-al`bom yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun ham to'liq ma'lumot beradi. Chunki undagi ma'lumotlar o'zbek tilidan tashqari, rus va ingliz tillarida ham berilgan.