Samarqand – Urumchi shaharlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviareyslar yo'lga qo'yildi

    Samarkand shahrida Air Marakanda kompaniyasi China Southern Airlines aviakompaniyasi bilan hamkorlikni boshladi. Shu munosabat bilan tarixda ilk bor Urumchi shahriga birinchi aviareys ishga tushirildi.

    Urumchiga parvozning tantanali ochilish marosimi Samarqand xalqaro aeroporti terminalida tashkil etilib, birinchi reys yo'lovchilari uchun mavzuviy fotolar burchagi, shirinliklar bilan choy marosimi, shuningdek, mashhur Samarqand tut qog'oziga Xitoy tilida kalligrafiya yozuvlari bitilgan ko'rgazmalar maydoni tashkil etildi.

    Ochilish marosimida Air Marakanda va China Southern Airlines aviakompaniyalari rahbariyati, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyat bo'limi rahbari Rustam Qobilov ishtirok etdi.

    An'anaga ko'ra, samolyotni Samarqand aeroporti aerodromida suv arkasi bilan kutib olindi va Xitoydan kelgan birinchi yo'lovchilarni o'zbek milliy cholg'ulari – karnay va surnay sadolari ostida kutib olishdi.

    Tadbir doirasida Air Marakanda Bosh direktori Anton Xodjayan, Air Marakanda Bosh direktorining tijorat bo'yicha o'rinbosari Artyom Pak, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Samarqand viloyat bo'limi rahbari Rustam Qobilov va China Southern Airlines aviakompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasi Bosh direktori Shen Yi ishtirokida matbuot anjumani ham o'tkazildi. Matbuot anjumanida so'zga chiqqanlar Samarqand va Urumchi o'rtasida yo'lga qo'yilgan havo qatnovning ulkan salohiyatini ta'kidlab, ikki davlat o'rtasida turizm va savdo sohasini rivojlantirishning keyingi istiqbollarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar yaqin kelajakda Xitoydan Samarqandga yangi yo'nalishlarni ochish rejalari bilan bo'lishdilar.

    Xitoydan Samarqandga to'g'ridan-to'g'ri reyslarning ochilishi ko'p asrlar oldin asos solingan Buyuk Ipak yo'lining mantiqiy davomi bo'lib xizmat qiladi.

    Endi Xitoyning shimoli-g'arbiy qismidagi Sinszyan-Uyg'ur avtonom tumanining siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaziga Samarqanddan har dushanba soat 01:30 da uchib borsa bo'ladi. Urumchi xalqaro aeroportidan Samarqandga qaytish reysi yakshanba kuni soat 23:20 ga rejalashtirilgan. Parvozlarning barchasi zamonaviy Boeing 737-800 samolyotlarida, ikki toifali – biznes va ekonom-klasslarda amalga oshiriladi, deb xabar beradi Air Marakanda matbuot xizmati.