Samarqand aeroporti reyslar sonini oshiradi

    Transport 14 Yanvar 2022 3381

    2022-yilda Samarqand xalqaro aeroportidan 17 ta muntazam xalqaro reyslar ochilishi kerak. Joriy yilning mart oyigacha Samarqand havo bandargohini yirik transport xabiga aylantirish dasturi ishlab chiqildi.

    Shu munosabat bilan quyidagilar rejalashtirilgan:

    - ichki reyslar sonini haftasiga 7 tadan 20 taga oshirish. Bunday reyslar geografiyasini 4 tadan 5 tagacha kengaytirish;

    - xalqaro reyslar sonini haftasiga 25 taga yetkazish, yo‘nalishlarni 4 tadan 8 taga oshirish;

    - «Ochiq osmon» loyihasi doirasida 17 ta xalqaro yo‘nalishga parvozlarni amalga oshiradigan sakkizta xorijiy aviakompaniyani hamkorlikka jalb etish.

    Avvalroq havo bandargohida uzunligi 3 105 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yangi taksi yo‘laklari va 24 samolyot to‘xtash joyi uchun perronni o‘z ichiga olgan yangi aerodrom majmuasi qurilishi yakunlangani xabar qilingandi.

    Shuningdek, aerodrom majmuasida zamonaviy energiya tejovchi yoritish uskunalari va qo‘nish tizimi mavjud.

    Yangi aeroport terminali ochiq kitob shaklida qurilyapti. Uning tomida, ayniqsa, tunda qo‘nayotganda, havodan tanib olinadigan ba'zi yulduz turkumlari bilan porlayotgan yulduz xaritasi bo‘ladi.