Yaxshilangan model YEOII Bojxona ittifoqining texnik reglamenti talablariga muvofiqligi yuzasidan sinovdan oʻtdi. Mazkur avtobusi “Gʻildirakli transport vositalarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi YEOII Bojxona ittifoqining texnik reglamentiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi sertifikatni oldi.

Sinovlar Dmitrov poligonida (Rossiya, Moskva viloyati) boʻlib oʻtdi. Keyingi uch yil ichida SAZ LE60 sertifikatlangan modifikatsiyada YEOII Bojxona ittifoqiga aʼzo davlatlarga eksport qilinadi.

«SAZ LE60 — bu Oʻzbekistonda loyihalangan va ishlab chiqarilgan yagona past sathli avtobus. Bu konveyerdan ilk bor 2012-yilda chiqqan mahalliy avtomobil mahsuloti. 16-mart kuni SamAuto oʻzining 22 yilligini nishonladi va, aytishim mumkinki, SAZ LE60 — shu yillar davomidagi tajriba, rivojlanish va takomillashtirish natijasidir.

Ushbu modelni ishlab chiqarishning dastlabki yillarida Samarqand avtomobil zavodi yiliga 1-2 dona mahsulot sotgan. Shu oʻtgan davrlarda 454 ta avtobus sotilgan. Bu yil biz rekord darajadagi talabni koʻrmoqdamiz, faqat eksport buyurtmasining oʻzigina 600 donani tashkil etmoqda. Agar ichki bozorda talabning oʻsishi yuzaga kelsa, SamAuto ning imkoniyatlari uni qoplashga imkon beradi. Yaqin uch yil ichida biz SAZ LE60 savdosini 2 ming donaga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi, “SamAvto“ MCHJ QK bosh direktorining marketing va sotuvlar boʻyicha oʻrinbosari Ilhom Yarashev.

Olingan sertifikat Rossiya, Qozogʻiston, Belorussiya, Armaniston va Qirgʻiziston hududida 2024-yilgacha amal qiladi. Shuningdek, “SamAvto” MCHJ QK Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina va Ozarbayjon hududlarida past sathli avtobus ishlab chiqarish boʻyicha talabnomalar qabul qildi. Ishlab chiqarish bilan mahalliy kompaniyalar shugʻullanadi. Ayni vaqtda ushbu masala boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

2021-yilning 16-martida SamAuto oʻzining 22 yillik sanasini nishonladi. Ushbu vaqt davomida Samarqand zavodi 26 mingta yuk mashinalari va ixtisoslashtirilgan transport vositalari, 15,4 mingta shahar va shaharlararo avtobuslarni ishlab chiqardi. Oʻtgan yilning yanvar oyida birinchi mahalliy ISUZU D-Max pikaplarining savdosi boshlandi. Bugungi kunga kelib 550 ta avtomobil ishlab chiqarilgan boʻlib, ular ichki va tashqi bozorlarda sotilmoqda.