2021-yilning mart oyida Samarqand avtomobil zavodi Qozogʻistonga modifikatsiyasi yangilangan SAZ LE60 avtobuslarining 30 tasini joʻnatdi. Buyurtma boʻyicha ishlab chiqarilgan dastlabki 20ta avtobus 20-martda Turkiston shahrida liniyalarga chiqarildi. Yoʻlovchilar orasida Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev ham ishtirok etdi.
«Biz Turkiston avtobus parkini yangilashda aynan Oʻzbekistonda konstruksiyalangan va ishlab chiqarilayotgan SAZ LE60 avtobuslari tanlanganidan behad xursandmiz. Bizning hamkorlarimiz yangilangan modelning har jihatdan, shu jumladan, harakati cheklangan fuqarolar uchun qulayligini, uzoq muddat ishlashini, shuningdek narxi va sifatining nisbatini alohida qayd etdilar. Yil boshida bu modifikatsiya YEOII Bojxona ittifoqining sertifikatini olgandi.

Bu Qozogʻistonga yetkazib berilgan birinchi partiya emas. SamAuto mahsulotlaridan Olmaota, Turkiston va Atirauda yoʻlovchilarni shahar boʻylab tashishda foydalanib kelinmoqda. Xalqaro hamkorlik yillarida jami turli modellardagi avtobuslarning Qozogʻistonga qilingan eksporti soni 900tani tashkil etdi, ulardan 300 tasi SAZ LE60 avtobuslariga toʻgʻri keladi», — deydi SamAvto MCHJ QK ning marketing va sotuvlar boʻyicha bosh direktor oʻrinbosari Ilhom Yarashev.
SAZ LE60 avtobusi 56 yoʻlovchi (25 ta oʻrindiq) ga moʻljallangan. Turkistonda liniyaga chiqqan avtobuslar panduslar, yoʻl haqi toʻlashning elektron tizimlari, konditsionerlar, videokuzatuv kameralari va yoʻlovchilarga audioaxborot yetkazish tizimlari bilan jihozlangan.