Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlari tadbirkorlarining muammoli masalalari oʻrganildi

    Mamlakatimizda 14 Avgust 2021 1662

    13-avgustda Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Samarqand viloyati tadbirkorlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda videokonferensiya orqali Buxoro va Navoiy viloyatlari tadbirkorlari ham ishtirok etdi.

    Uchrashuv chogʻida Oʻzbekistonda ishbilarmonlik muhitining bugungi holati va uni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida fikr almashildi. Ishbilarmon doiralari vakillari biznes yuritishga salbiy taʼsir etuvchi asosiy omillarni sanab oʻtdilar va ularni bartaraf etish boʻyicha qator konstruktiv takliflarni tilga oldilar. Kredit resurslari, yer uchastkalari, boʻsh turgan bino va inshootlar, turli xil ruxsatnomalar olishdagi qiyinchiliklar va boshqa jihatlar ana shunday omillar sifatida keltirildi.

    Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish boʻyicha Shtab faoliyati muhokama qilindi. Qabul qilingan murojaatlar ustida ish olib borish jarayonida aniqlangan muammoli masalalarni hal etish boʻyicha statistik maʼlumotlar keltirildi. Bundan tashqari, yangi holatlar haqida soʻz bordi va bevosita uchrashuv davomida masʼul rahbarlarga ularni hal etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish topshirildi.

    Uchrashuv yakunida yuzaga kelgan masalalarni zudlik bilan hal etish hamda tadbirkorlik faoliyati va loyihalarni amalga oshirishda ishbilarmonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlarining tadbirkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri doimiy muloqotini yoʻlga qoʻyishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.