— Universitetimizda elektron hujjatlar almashinuvi yildan-yilga takomillashtirilib, meʼyoriga yetkazildi. Bugun taʼlim dargohimizda rahbar oldiga hech qanaqa hujjat olib kirilmaydi. Hamma hujjatlar elektron tarzda yuboriladi. Buni oʻzimiz ishlab chiqdik. Bunday tartibda ishlashni oliy taʼlim muassasalari orasida birinchilardan boʻlib yoʻlga qoʻydik. Masalan, talabnoma, bildirishnoma, buyruq, ariza yoki boshqa hujjatlar rahbarga elektron tarzda yuboriladi. Rektor hujjatlarni xohlasa, oʻzi koʻradi yoki biror masʼul shaxsga ijrosini yuklaydi. Masʼul shaxsning profilida oʻsha yuborilgan hujjat koʻrinadi. Kim tomonidan yuborilgani va qancha muddatda bajarilishi koʻrsatiladi.

Talabalar yotoqxonaga qanday joylashtiriladi?

Ilgari talabalarni yotoqxonaga joylashtirish masalasi bilan dekanat, dekan oʻrinbosari, oʻqituvchi tyutor — hamma birdek shugʻullanardi. Hozir esa talabalar turarjoyini muvofiqlashtirish boʻlimimiz bor. Unda bir xodim talabalarnig barcha hujjatini elektron tizim orqali qabul qladi.

Portalimiz hukumat portali bilan integratsiya qilingan. Shuning uchun Davlat personallashtirish markazidan shaxsga tegishli maʼlumotlarni olish uchun sertifikat olganmiz. Oʻsha setifikat boʻyicha roʻyxat asosida tegishli shaxslarning yashash joyi, oilaviy sharoiti haqida maʼlumotni elektron olamiz. Bu yotoqxonaga ehtiyoji yuqori boʻlganlarni saralashda yordam beradi. Masalan, talaba yotoqxonaga jaylashish uchun onlayn ariza topshiradi.

Bu tizimning afzalligi shundaki, talaba hujjat koʻtarib kelib navbatda turmaydi. Arizasi koʻrib chiqilgach, unga yotoqxonaga qabul qilingani yoki qabul qilinmagani haqida sms orqali xabar beriladi. Nima uchun qabul qilinmagani haqida xabarda izoh beriladi. Masalan, baʼzilar “ otam nogiron”, degan bandni tanlaydi, lekin asosli hujjat yuklamaydi. Bunday talabaga asosli hujjat yuborishi uchun yana bir imkoniyat beriladi. Agar u otasining nogironligi haqidagi qoʻshimcha hujjatni yuklasa, unga yotoqxonadan joy beriladi.

Universitet rektorining oʻzi ham ushbu tizimga yuborilgan arizalar va ularga berilgan javoblarni kuzata oladi. Integratsiya orqali talabaning maʼlumotini olish va adolatli tarzda turarjoy bilan taʼminlash tizimini ham birinchilardan boʻlib joriy etdik.

Kitoblarga elektron buyurtma berish mumkin

Yaqinda yana bir yangi loyihaga qoʻl urdik. Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida universitet kutubxonasidagi kitoblarga elektron buyurtma berishni yoʻlga qoʻydik. Talaba bevosita saytimizga kirib, qaysi kitob kutubxonada mavjudligini koʻradi, buyurtma beradi va oʻsha kitobni kutubxonadan oladi. Talaba kelib, loginini aytadi va kitobni olib ketadi. Ilmiy boʻlimdagi kitoblarni uzoq muddatga olish mumkin. Boshqa kitoblar ikki-uch kunga yoki bir oyga beriladi.

Talabadan “Hujjat qani?”, “Pasportingni ber”, “Talabalik guvohnomang bormi?”, “Bizda oʻqiysanmi?” degan savollar soʻralmaydi. Login kiritilgach, talabaning barcha maʼlumotlari chiqadi. Har bir talabaning olgan, bergan kitoblari ham elektron tarzda hisoblab boriladi. Kutubxonada nechta kitob bor, qanchasi talabalar qoʻlida, qanchasi qaytarilgan — hammasining hisoboti koʻrinib turadi. Agar talaba berilgan vaqtda kitobni keltirmasa, tizim avtomatik ravishda belgilangan muddatni hisoblab, kitob keltirmaganini koʻrsatadi.

Mobil ilovamiz orqali barcha xizmatlardan foydalansa boʻladi

Universitetimizning mobil ilovasi bor. Mobil ilova professor- oʻqituvchilar, talabalar va ularning ota-onalariga moslashtirilgan. Unda rahbariyat toʻgʻrisida barcha maʼlumot, qolaversa, oʻquv binolarining joylashuvi mavjud. Masalan, endigina qabul qilingan talabalar oʻquv binosining qayerda joylashganini bilmasligi mumkin. Mobil ilovada oʻsha binoning nomi tanlansa, avtomat tarzda qayerda joylashgani haqida xarita paydo boʻladi.

Taʼlim platformamizda ham mobil ilova orqali barcha xizmatdan foydalansa boʻladi. Hatto kutubxonaning ham mobil ilovasi bor, u orqali talaba kitoblarni yuklab olishi mumkin. Ilovaning oʻzida oʻqish imkoniyati mavjud. Talaba ilova orqali kitobni ochganda, kitob haqida qisqacha maʼlumotlar, yaʼni uning nomi, mazmuni, megabayti koʻrinadi.

Mobil ilovalar koʻzni ogʻritmasligi uchun maxsus rejimlarga moslashtirilgan. Shuningdek, ular oʻzbek, rus, ingliz tilida ishlaydi. Kitob yuklangach, istalgan vaqtda uni oʻqish mumkin. Masalan, nechanchi betga kelganingizni ham eslab qoladi. Oʻqishga qulay boʻlishi uchun kitobning parametrini ham moslash mumkin, harflarni kattalashtirish, yon tomondan varaqlash yoki tepadan pastga qarab oʻqish imkoni bor. Mobil ilovaga talabalar zerikib qolmasligi uchun oddiy oʻyinlarni ham yuklab qoʻydik.