Yurtimiz sogʻliqni saqlash tizimida xususiy sektor ulushi yildan yilga ortib bormoqda. Bu esa sohada sogʻlom raqobatni taʼminlash orqali tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish imkonini berayotir.

Aytish kerak, keyingi yillarda mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalariga bojxona imtiyozlari uzaytirildi, ulardan undiriladigan majburiy turistik yigʻim bekor qilindi, chet eldan mutaxassislarni jalb etish soddalashtirildi.

Natijada xususiy tibbiyot muassasalari soni 8300 taga yetdi. Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan 29 ta xususiy tibbiyot muassasasi shartnoma asosida ish boshladi va 3 mlrd. soʻmlik tibbiy xizmat koʻrsatdi.

Aytish kerak, 2023-yildan boshlab, ushbu yoʻnalishda bir qator yangiliklar kutilmoqda.

Unga koʻra xususiy klinikalarni litsenziyalashda toʻlanadigan boj va yigʻim miqdori hujjatlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq xarajatlardan kelib chiqqan holda tabaqalashtiriladi. Kitsenziya shartlariga raqamlashtirish va dori vositalari taʼminotiga doir talablar kiritiladi.

Xabaringiz bor, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Nukus shahrida 150 nafar, Xorazm viloyatining Urganch va Bogʻot tumanlarida 250 nafar, Toshkent shahrida esa 700 nafar bemorga xizmat koʻrsatuvchi 4 ta yangi gemodializ markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi.

Endilikda davlat-xususiy sheriklik asosida xalqaro standartlar boʻyicha Samarqand, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida nurli (radio) terapiya markazlarini tashkil qilish ishlari boshlanadi. Qolaversa, Toshkent viloyati Nurafshon shahrida zamonaviy koʻp tarmoqli tibbiyot shaharchasini barpo etishga kirishiladi.

Shuningdek, Singapur bilan hamkorlikda Toshkent shahri, Fargʻona va Samarqand viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida reproduktiv markazlar tashkil qilinadi.