Aziz Abduhakimov Samarqand global ekologik muloqotlar markaziga aylangani, o‘tgan yilning kuzida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya (ICFS, FAO), so‘ng CRIC21 sessiyasi (UNCCD)ga mezbonlik qilganini ta’kidladi. Aprel oyida esa aynan Samarqandda xalqaro iqlim forumi o‘tkazilishini aytib, UNEP vakillarini tadbirga taklif qildi.
«Ushbu tadbir 130 mamlakatdan 1 800 dan ortiq ishtirokchilarni, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha konvensiyalarni va butun dunyo bo‘ylab yetakchi mutaxassislarni birlashtirdi. Konferensiya shiori «Tabiat chegara bilmaydi», chunki rostdan ham ko‘chib yuruvchi hayvonlar uchun hyech qanday chegara bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish tarafdorimiz. Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorligini rivojlantirish ustuvor vazifamizdir, chunki ekologik muvozanat, ekotizim va migratsiya turlari mintaqaviy va global hamkorlikni talab qiladi», — dedi u.
Uchrashuvda ekologiyani asrash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, «Yashil makon» loyihasi, Orol dengizi tubida keng ko‘lamli o‘rmonzorlar barpo qilinayotgani alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish mexanizmlarini yanada qattiqroq qo‘llash, muqobil energiya manbalariga o‘tish va ekologik ta’limni kuchaytirish muhim ekanligi ta’kidlandi.
Vazir 2024–2032-yillarga mo‘ljallangan ko‘chib yuruvchi turlar bo‘yicha CMS strategik rejasining qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi. Uchrashuv yakunida UNEP bilan havo sifati monitoringi, ekologik standartlarni takomillashtirish, cho‘llanish va yer degradatsiyasiga qarshi kurash, plastik ifloslanish va og‘ir pestitsidlarni boshqarish, ekologik ta’lim va xabardorlikni oshirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish muhim ekanligi qayd etildi, deb xabar beradi Ekologirya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.