Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bilan Kluj Napoka qishloq xoʻjalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti oʻrtasida 2019-yilda hamkorlik memorandumi imzolangandi.
Mazkur universitetning ikki nafar olimi — veterinariya fanlari doktori, professor D.Jorjiana hamda ilmiy xodim L.Katalina Samarqand veterinariya meditsinasi institutida boʻldi.
Mehmonlarni institutning qoʻshma taʼlim dasturlari qiziqtirdi. Ayni kunda institutda 3 ta qoʻshma taʼlim dasturi mavjud boʻlib, ular Latviya va Belarus Respublikalari turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tuzilgan. “2+2”, “1+3” taʼlim dasturlariga binoan, talabalar har ikkala oliy oʻquv yurtida taʼlim oladi va ikki mamlakat diplomiga ega boʻladi.
Professor Jorjiananing soʻzlariga koʻra, ular “Erasmus” loyihasi doirasida oʻzbekistonlik talabalar uchun amaliy mashgʻulotlar tashkil etadi. Shuningdek, veterinariya parazitologiyasi sohasida xalqaro tajribalarni ommalashtirish va yirtqich hayvonlar parazitologiyasiga doir eksperimental tadqiqotlar natijalari boʻyicha institut professor-oʻqituvchilari bilan fikr almashadi.
Ruminiyalik olimlar Samarqandda 12-dekabrga qadar boʻladi. Ular ilmiy tadqiqotchi, stajyor va talabalarga parazitologiya mavzusida maʼruza oʻqiydi, deb xabar beradi ZarNews.uz