Joriy yilning 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida o'tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti oldidan mintaqaning sport oilasi o'rtasida do'stlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda. Samarqanddagi sammit oldidan ilk bor yo'lga qo'yilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining sport elchilari” loyihasi buning uchun ajoyib platforma vazifasini bajarib berdi.

Fleshmob doirasidagi ommaviy marosimda “O'zbekistonga xush kelibsiz!” shiori ostida maxsus rolik namoyish etildi. Tabiiyki, bu orqali yurtimiz mehmonlari davlatimiz, uning sport sohasidagi yutuqlari haqidagi bilimlarini yanada boyitib oldi.

Tadbirning rasmiy ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, mamlakatimizdagi faoliyat yuritayotgan diplomatik missiyalar mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Adham Ikramov ushbu tadbirning ahamiyati va uning mamlakatlar o'rtasida sport aloqalarini mustahkamlashdagi o'rniga alohida to'xtalib o'tdi.

Shundan so'ng o'zbek jang san'ati, turon jang san'ati, taekvondo,  karate, gimnastika kabi sport turlaridan ko'rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining sport elchilari sifatida poytaxtimizga Rossiya, Qozog'iston, Pokiston, Tojikiston, Qirg'iziston kabi davlatlarning mashhur sportchilari tashrif buyurdi.