Bundan toʻrt oy ilgari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrining qadimiy Konigil mavzesida “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda: “Bu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham meʼmoriy obidalarga munosib boʻlib, ularning tarixiy anʼanalarini davom ettiradi. Ushbu majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar oʻrtasidagi ramziy koʻprik boʻladi”, deb taʼkidlagan edi.

“Buyuk ipak yoʻli” markazi qisqa fursatda jahon xalqlari uchun doʻstlik va tinchlik timsoliga, tom maʼnoda, olamshumul tashabbuslar roʻyobga chiqadigan siyosat va huquq, ilm-fan va maʼrifat maydoniga aylandi. Buni 2022-yil 5-dekabr kuni ushbu mahobatli majmuaning “Xalqro kongress markazi”da “Inson huquqlari sohasida taʼlim” Global forumi oʻz ishini boshlagani yana bir bor tasdiqlaydi.

Bundan 5 yil oldin dastlabki Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi tashkil qilinib, inson huquqlari sohasidagi global muammolarning Samarqanddagi muhokamasi yoʻlga qoʻyilgandi. Oʻshanda inson huquqlari muhokamasida “Samarqand ruhi” paydo boʻldi. 2020-yilda onlayn formatda oʻtkazilgan ikkinchi Samarqand forumi yoshlar huquqiga bagʻishlandi.

Bu galgi uchinchi Samarqand forumi – Global forumda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va Inson huquqlari kengashining 46‑sessiyasida ilgari surilgan tashabbus asosida inson huquqlari sohasida taʼlimni rivojlantirish muammolari muhokama qilinadi. Shu munosabat bilan Inson huquqlari oʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Miliy markazi direktori Akmal Saidov Global forumni ochar ekan, tadbirni “Inson huquqlari boʻyicha taʼlim: deklaratsiyadan – amaliyotga” shiori asosida oʻtkazishni taklif qildi.

Ochilish marosimida BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk videomurojaati, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi v.b. Munir Mamedzade tabrigi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi, elchi Federiko Vilyegas videomurojaati, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchi tabrigi, Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi boshqarmasi bosh direktori Xristos Giyakumopulos videomurojaati tinglandi. MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev nutqini MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari – Ijrochi kotibi Beketjan Jumaxanov oʻqib eshittirdi.

Global forumda xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlarning 100 nafardan ortiq vakili offlayn va onlayn tarzda ishtirok etmoqda. Jumladan, 10 ta xalqaro va 6 ta mintaqaviy tashkilot, 30 davlatdan inson huquqlari boʻyicha yetakchi xorijiy ekspertlar hamda professor-mutaxassislar qatnashmoqda.

Forum ishtirokchilari safida, shuningdek, 150 ta milliy tashkilotning 2 ming nafardan ziyod vakili bor. Ular asosan 20 ta vazirlik va idoralar, yurtimizning barcha hududlaridan 50 ta oliy taʼlim muassasasi va ilmiy tashkilotlar, 60 dan ortiq fuqarolik jamiyat instituti, jumladan, yoshlar tashkilotlari faollaridan iborat.

Global forum ishini milliy ommaviy axborot vositalari va mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan xorij muxbirlari yoritmoqda.

Ishtirokchilarga inson huquqlari sohasida taʼlim mavzuiga oid 10 dan ortiq adabiyot hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining maxsus soni taqdim etildi.