“Samarqand tarixiy obidalariga yoʻl” volontyorlik aksiyasi

    Turizm 14 Sentabr 2020 2363

    Joriy yil 14-sentyabrida Samarqand shahrida “Samarqand tarixiy obidalariga yoʻl” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi rahbariyati, “Yuksalish” umummilliy harakati va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, faol fuqarolar hamda volontyorlar ishtirok etishdi.

    Tadbirda mutasaddilar tomonidan hududda nogironligi boʻlgan shaxslarga yaratilayotgan sharoitlar, ushbu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan jamoat tashkilotlarining faoliyati, Samarqand shahridagi diqqatga sazovor boʻlgan tarixiy obidalar, ziyoratgohlarda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.

    Davra suhbati, shuningdek, Samarqand shahrida shu yilning 25-avgustidan boshlangan turistik obyektlar, tarixiy obidalarda nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishi uchun yaratilgan sharoitlarni oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan “Samarqand tarixiy obidalariga yoʻl” aksiyasiga yakun yasashga xizmat qildi.

    Taʼkidlanganidek, aksiya doirasida volontyorlar guruhi dastlab “Registon” majmuasi va “Goʻri Amir” maqbaralarida imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan shaxslar ham jalb qilingan holda, ularga yaratilgan shart-sharoitlarning joriy holati oʻrganildi. Oʻrganish natijalariga koʻra, Registonda koʻzi ojiz tashrif buyuruvchilar uchun ansambl maketi, kar-soqov boʻlgan tashrif buyuruvchilar uchun surdotarjimon xizmatlari va majmua roʻparasidagi yoʻldan oʻtish joyidagi svetoforga qoʻl knopkasi oʻrnatish, Goʻri Amir maqbarasida esa maqbaraga kirish eshigiga va ichkariga 2 ta pandus, nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirilgan hojatxona qurish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.

    Ishlar boshqa tarixiy obyekt va ziyoratgohlarda ham davom ettirildi. Jumladan, “Imom al-Buxoriy” majmuasida nogironlar aravachasi yurishi, tepaga koʻtarilishi uchun zarur boʻlgan panduslar mavjud boʻlsada, ular standart talablariga muvofiq emasligi aniqlandi va ularni bartaraf etish muhokama qilindi. Natijada, qator kamchiliklar, xususan, majmua muzeyiga kirish yoʻllariga ham 2 ta kichik pandus qurish ishlari va tahoratxonani ham imkoniyati cheklangan fuqarolarga moslashtirish ishlari tezkorlik bilan bajarildi.

    “Shohizinda” majmuasi ham baʼzi standartlarga mos emasligi, xususan, nogironlik aravachalarida harakatlanishi uchun sharoitlar mavjud emasligi, majmuaga pastki tomondan kirish nogironligi boʻlgan shaxslarga katta qiyinchilik tugʻdirishi maʼlum boʻldi. Buning uchun esa obyektning yuqori tomonidan kirish qismidagi zinalarda 6 ta pandus oʻrnatish va tahoratxonalarini ham imkoniyati cheklanganlar uchun moslashtirish boʻyicha taklif berildi.

    Bundan tashqari, oʻrganilgan va qolgan boshqa obyektlarda koʻzi ojizlar uchun Brayl alifbosidagi maʼlumot beruvchi tablichkalar boʻlishi kerakligi alohida tushuntirildi.
    Mazkur davra suhbati “Taraqqiyot tarixi: ichkaridan nazar” XI xalqaro konferensiyasi doirasida tashkil etildi.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.