Samarqand tez tibbiy yordam tizimiga 30 ta “Ford” rusumidagi reanimobillar topshirildi

    Buning natijasida tez yordam brigadalarining xizmat koʻrsatish radiusi 15-20 kilometrdan 8-12 kilometrgacha qisqargani hududlar aholisi uchun ham, soha hodimlari uchun qulayliklar yaratgani quvonarlidir.

    2016-yilda viloyatda faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam tizimi bor yoʻgʻi 2 ta reanimobil xizmatidan foydalangan boʻlsa, bugunga kelib, tizimda olib borilayotgan islohotlar natijasida 62 ta shunday avtotransport aholiga tez tibbiy xizmat koʻrsatmoqda.

    Bugun viloyatimizda faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam stansiyalariga 30 ta “Ford” rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar topshirildi. Bu haqda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Reanimobillarni topshirish marosimida soʻzga chiqqan viloyat hokimining oʻrinbosari Xurshid Ochilov va viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Davronbek Jumaniyozovlar keyingi yillarda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida tez tibbiy yordam xizmatiga ajratilayotgan mablagʻlar bir necha barobarga oshirilganini va tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta koʻrib chiqilib, qishloq oilaviy poliklinikalarida yangi tez tibbiy yordam tayanch punktlari tashkil etilganligini taʼkidlashdi. Buning natijasida tez yordam brigadalarining xizmat koʻrsatish radiusi 15-20 kilometrdan 8-12 kilometrgacha qisqargani hududlar aholisi uchun ham, soha hodimlari uchun qulayliklar yaratgani quvonarlidir.

    Eng muhimi, tizimda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining moddiy manfaatdorligi oshib, ularning olis hududlarda faoliyat olib borishlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratildi.