Prezidentimizning 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida, klaster korxonalari va naslchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklariga chetdan keltiriladigan naslli qoramol, qoʻy va echkilar uchun imtiyoz berilishi qoramollar naslini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Samarqand tumanida mazkur qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan oʻquv seminar boʻlib oʻtdi.
Agroinspeksiyaning Samarqand tuman boʻlimi tashabbusi bilan oʻtkazilgan oʻquv seminarda tuman veterinariya boʻlimi mutaxassislari, chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi rahbarlari ishtirok etishdi.
Tadbir qatnashchilarga Oʻzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Qonuni va Prezidentimizning 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida chetdan keltirilgan har bir bosh naslli qoramollar uchun beriladigan imtiyozli subsidiyalar, “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Qonun talablari yuzasidan naslchilik ishini tashkil etish majburiyatlari haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari “Chorva sut servis” naslchilik yoʻnalishidagi chorvachilik xoʻjaligida yaratilgan sharoitlar, naslli qoramollarni parvarishlash, veterinariya nazoratiga olinishi bilan bogʻliq tadbirlar bilan yaqindan tanishdilar.
— Fermer xoʻjaligida asosiy eʼtiborni naslchilik ishini yanada yaxshilashga qaratyapmiz. Masalan, chetdan keltirilgan har bir bosh naslli qoramollar uchun subsidiya mablagʻi berilishi, ayniqsa naslchilikni yaxshilashga xizmat qiladi, — deydi “Chorva sut servis” fermer xoʻjaligi ish yurituvchisi Ismoil Achilov.
— Mazkur fermer xoʻjaligi tomonidan 2015-2018-yillar davomida Polsha va Germaniya davlatidan jami 160 bosh gʻunojinlar keltirilgan boʻlib, bugungi kunda 350 bosh naslli qoramolga parvarishlanmoqda. Mavjud 195 bosh sogʻin sigirlarning har biridan 30-35 litr sut sogʻib olinmoqda. Xoʻjalik tomonidan joriy yilning oʻtgan davri davomida 1 ming 272 tonna sut va 7 tonna goʻsht ishlab chiqarilgan, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand tuman boʻlimi katta inspektori Xurshid Xurramov.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Samarqand tumanida bugungi kunda jami 38 ta qoramolchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklari mavjud boʻlib, shundan 18 tasi naslchilikka ixtisoslashgan. Ushbu fermer xoʻjaliklari tomonidan 3 ming 320 shundan 1 ming 157 bosh sigir parvarishlanmoqda. Joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida 5 ming 131 tonna sut va 966 tonna tirik vaznda goʻsht ishlab chiqarilgan.
“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi
axborot xizmati