Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi doirasida 2018-yil 1-oktyabr kuni Samarqand shahri hokimligi va Uttar-Pradesh shtati Agra munitsipial uyushmasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Uchrashuvda mazkur memorandum doirasida hozirga qadar amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, oʻzaro hamkorlik aloqalarini yana-da jadallashtirish imkoniyatlari oʻrganildi.
Xususan, madaniy-gumanitar sohalarda qoʻshma tadbirlar tashkil etish, hunarmandchilikning turli yoʻnalishlarini rivojlantirish, tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikr almashildi.
Tomonlar bu borada tadbirkorlar va ishbilarmonlardan iborat delegatsiyalar tashriflarini tashkil etishga kelishib oldi.
Muloqotda Samarqand va Agra shaharlarining ulkan turizm salohiyatidan foydalanib, mazkur hududlar sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish muhim ekani alohida taʼkidlandi.