Davlat xavfsizlik xizmati va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan yer maydonlarini qonunga xilof ravishda sotish holatlariga qarshi kurashish yoʻnalishida navbatdagi chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu jarayonda Samarqand hamda Qashqadaryo viloyatlarida yerlarni noqonuniy tarzda sotishga urinish holatlari fosh etildi.
Samarqand viloyatidagi holat
Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida donli ekinlar yetishtirish bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjalik rahbari oʻzining hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xoʻjalikka tegishli 3 gektar yer maydonini Samarqand shahrida yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga u fuqarodan 300 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fermer xoʻjalik rahbari oldindan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (yirik miqdorda firibgarlik) va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (poravozlikda vositachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyatidagi holat
Qashqadaryo viloyatida aniqlangan holatda esa Qarshi tumanida yashovchi 1992 va 1998-yillarda tugʻilgan ikki nafar shaxs oʻzaro til biriktirib, davlat zaxirasidagi 8 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali Koʻkdala tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga uy-joy qurish uchun olib berishni vaʼda qilgan.
Bunda ular yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 180 million soʻm talab qilishgan.
Tezkor tadbir chogʻida ular oldindan 10 ming AQSH dollari olgan paytlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Ushbu shaxslarga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX ogohlantiradi
Davlat xavfsizlik xizmati yer resurslari — umummilliy boylik ekanligini eslatib, fuqarolarni davlat tomonidan belgilangan tartib va meʼyorlarga zid ravishda yer maydonlarini sotish yoki sotib olishga urinishdan tiyilishga chaqirdi.
Maʼlumot uchun, yer maydonlarini qonunga xilof ravishda sotish, rasmiylashtirish yoki vositachilik qilish holatlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.









