– Imkoniyatim cheklangan, hech qayerda ishlay olmayman, – deydi Buloqboshi mahallasida yashovchi Shahzoda Qarshiyeva. – Lekin tikish-bichish qoʻlimdan keladi. Shuning uchun viloyat hokimidan tikuv mashinasi ajratishlarini soʻradim. Masalam shu yerning oʻzida hal etildi – tikuv mashinasi keltirib berishdi, minnatdorman. Endi tikuvchilik qilib, roʻzgʻor uchun zarur mablagʻni topishim mumkin.

Tumandagi 26-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori Oʻktam Boʻriyev maktab uchun qoʻshimcha bino qurish ishlarini yakuniga yetkazishda mablagʻ ajratish masalasida murojaat qildi.


– 420 oʻrinli maktabimizda bugungi kunda 1100 nafardan ortiq oʻquvchi ikki navbatda oʻqiydi – deydi Oʻ.Boʻriyev. – Ushbu masalada viloyat hokimiga murojaat qilganimdan soʻng, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha bino qurilishi boshlangan edi. Ammo ish yakuniga yetmadi.

Shu sababli bugun yana kelishga majbur boʻldim. Murojaatim ijobiy hal boʻldi. 600 million soʻm mablagʻ ajratilib, qurilish ishlari yakuniga yetkazilishi maʼlum qilindi.

Sayyor qabul davomida 290 nafardan ortiq murojaat qabul qilinib, ularni belgilangan muddatlarda hal etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.