Samarqand viloyati hokimining toʻrt oʻrinbosari oʻzgardi

    Sherbek Boʻronov Samarqand viloyati hokimining moliya, iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.

    Mutaxassisligi iqtisodchi boʻlgan Sh.Boʻronov Narpayga rahbar boʻlgunga qadar avvalgi chaqiriqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati edi.

    ***

    Samarqand viloyati hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasiga Navroʻz Rahmonov tayinlandi. Bungacha N.Rahmonov viloyat hokimi oʻrinbosari kotibiyati mudiri edi.

    ***

    Bugun Urgut tumani hokimi vazifasidan ozod etilgan Botir Jabborov Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari – qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi lavozimida ish boshladi. Ushbu vazifada ishlagan Shunqor Xudoyberdiyev bugun Payariq tumaniga hokim etib tayinlangandi.

    ***

    Shuningdek, bugun viloyat hokimining oʻrinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi ham oʻzgardi. Ushbu lavozimga shu paytgacha Oʻzbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi boʻlgan Xurshidbek Samiyev tayinlandi.

    ***

    Avval Samarqand viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari, keyinchalik Respublika savdo-sanoat palatasi rahbari oʻrinbosari boʻlib ishlagan Jamshid Oʻroqov Samarqand viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi vazifasida ish boshladi.