Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlarining maqsadli sarflanishi boʻyicha hududlarda oʻrganishlar oʻtkazilayotgani toʻgʻrisida maʼlumot berilgandi.
Xususan, Agentlik tomonidan Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorat departamenti va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi va uning quyi tizimlarida byudjet mablagʻlari, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida qonun hujjatlariga rioya etilish holati boʻyicha oʻrganish oʻtkazilgan.
Oʻrganishlarda viloyat sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan 9,256 milliard soʻmlik dori vositalariga muqobil tijorat takliflari mavjud boʻlgani holda, 14,902 milliard soʻmga, yaʼni 5,643 milliard soʻm qimmat narxlarda davlat xaridlarni amalga oshirilgani aniqlangan. Shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirishda 4,999 milliard soʻmlik qiymatdagi tender va 186,1 million soʻmlik elektron doʻkon shaklidagi xaridlar davlat xaridlariga oid qonun talablariga zid ravishda tashkil qilingan.
Bundan tashqari, viloyat sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan 2020-yil 9 oyi davomida jami 1 milliard 384 million soʻmlik talon-torojlik, moliyaviy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Misol uchun, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali tomonidan tez tibbiy yordam brigadalariga jalb qilinmagan hamda ishlayotgan shtat birligiga nisbatan ortiqcha 48 nafar xodimlarga 124,5 million soʻm ragʻbatlantirish uchun mablagʻlar ortiqcha toʻlab yuborilgan.
Ishchi guruh tomonidan aniqlangan talon-torojlik va suisteʼmolchiliklar miqdori jami 7 milliard soʻmni tashkil etdi.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha toʻplangan hujjatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Bosh prokuraturaga yuborildi.
Mazkur hujjatlar asosida Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan viloyat sogʻliqni saqlash muassasalari va viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Holat yuzasidan kelgusida qoʻshimcha axborot taqdim etiladi, deb xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.