Gʻoʻzaga bugun sifatli ishlov berilmasa, ertaga kutilgan hosilni olib boʻlmaydi. Buni dildan his etgan samarqandlik tajribali dehqonlar 2021-yil hosili uchun 75 ming 356 gektar yer maydoniga ekilgan gʻoʻzani birinchi kompleks kultivatsiya qilish ishlarini boshlab yuborishdi.
“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan oʻtkazilayotgan kunlik monitoring-tahlillarga eʼtibor qaratilsa, gʻoʻza parvarishida oʻta muhim agrotexnik tadbir hisoblangan kultivatsiyada mavjud 1 ming 612 ta kultivatorlardan unumli foydalanilmoqda.
2021-yilning 26-aprel holatiga koʻra, viloyatda jami 74 ming 207 gektar yer maydonidagi chigit unib chiqdi. Ayni kunlarda bir kunda oʻrtacha 3 ming 265 gektar gʻoʻza maydonlariga sifatli tarzda birinchi ishlov berilmoqda.
Xususan, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 10 ming 750 gektar yerga ekilgan chigit qator orasiga bir kunda 328 gektari, Narpay tumanida 10 ming 762 gektar yer maydonining 656 gektari, Paxtachida 8 ming 195 gektar yerga ekilgan chigitning 360 gektari, Ishtixon tumanida 8 ming 620 gektar yerga ekilgan chigitning 368 gektariga sifatli tarzda birinchi kompleks ishlov berilmoqda.
Mazkur agrotexnik tadbirlar “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan kattiq nazorat ostiga olindi.
Shu oʻrinda aytish joizki, gʻoʻzaga birinchi kompleks ishlov berish, hosildorlikning yuqori boʻlishini taʼminlaydi. Bobodehqon taʼbiri bilan aytganda, kutilayotgan hosilning taqdiri aynan shu damlarda hal etiladi. Shu bois, ushbu agrotexnik tadbir oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilsa, gʻalvir suvdan koʻtarilganda barchamizning yuzimiz yorugʻ boʻladi.
Abduvali Xudoyorov,
“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi
axborot xizmati