Samarqand viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 1 964 ta yangi ish o‘rni yaratiladi

    Ijtimoiy hayot 25 Fevral 2021 2179

    “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va viloyat hokimligi hamkorligida hududda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish maqsadida 2020 yilda qiymati 1000,4 mlrd so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi hamda 126 ta loyiha ishga tushirildi.

    E’tiborlisi, yangi korxonalarning faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida 1434 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yana bir e’tiborga molik jihat, loyihalarni amalga oshirish uchun 50,1 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar yo‘naltirildi.

    Eng yirik investitsiya loyihalaridan biri Nurobod tumanida ishga tushirildi. “Gamma Window System” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yiliga 1800 tonna PVX profillari ishlab chikarish quvvatlari barpo etildi hamda 57 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

    2. qurilish materiallari

    Tumanda shuningdek, “Sogda Granit Stones” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 14,8 mlrd so‘mlik investitsiya hisobiga yiliga 200 ming kub metr tog‘ toshini maydalash va inert materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona barpo etildi.

    2021 yilda ham Samarqand viloyatida qurilish materiallari yo‘nalishida bir qator sanoat korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Jumladan, viloyatda soha bo‘yicha umumiy qiymati 1 trln 898,1 mlrd so‘mlik 58 ta loyiha amalga oshiriladi va 1 964 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yangi quvvatlarni yaratish uchun 107,1 mln dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar yo‘naltiriladi.

    3. qurilish materiallari

    Xususan, “SFX GREAT BULDINGS CITY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Payariq tumanida 50,3 mlrd so‘m investitsiya hisobiga yiliga 200 ming kub metr yangi turdagi gazobeton mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

    Joriy yilda hududda sement ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, Pastdarg‘om tumanida yiliga 560 ming tonna portlandsement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega “SAMARQAND AFROSIAB CEMENT” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishga tushiriladi.

    Yangi quvvatlarni yaratish natijasida viloyatda 1681 mlrd so‘mlik qurilish materiallari, (1060 ming tonna sement, 190 ming tonna tom yopqich tunukalari, 420 ming kv.metr tabiiy pardozbop toshlar va 200 ming kub metr yangi turdagi gazobeton mahsulotlari) jumladan, 42,8 mln dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi. 14,3 mln dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniyati yaratiladi hamda 310 mlrd so‘mdan ortiq mahalliy byudjetga qo‘shimcha tushum manbasi shakllantiriladi.