Samarqand xalqaro aeroporti infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan bitim imzolandi

    Transport 24 Sentabr 2021 770

    23-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligida “Air Marakanda” MCHJ XK va “Uzbekistan Airports” AJ oʻrtasida “Samarqand” xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish” loyihasining davlat-xususiy sheriklik bitimini imzolash boʻyicha marosim boʻlib oʻtdi.

    Marosimda Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports” AJ, “Air Marakanda” MCHJ XK va Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining rahbarlari va boshqalar ishtirok etdi.

    Mazkur bitim “Samarqand” xalqaro aeroportida yoʻlovchilarga va aviatashuvchilarga yuqori darajada xizmat koʻrsatilishini taʼminlash, ular uchun barcha zarur qulay shart-sharoitlarni yaratish, aeroportni boshqarish sohasida yetakchi xalqaro kompaniyalarni jalb etish maqsadida “Samarqand” xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish” loyihasini amalga oshirish doirasida imzolandi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.