Samarqand aeroporti yangi terminali orqali ilk bor xizmat koʻrsatgan reys Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkentdan Samarqandga uchib borib, yana ortga parvoz qilgan HY-045/046 raqamli reysi boʻldi.

Ushbu parvoz Oʻzbekiston Respublikasining zamonaviy aviatsiyasi tarixida yangi bobni ochib berdi.

Yangi terminalning ochilish marosimida 250 nafardan ortiq kishi qatnashdi. Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Achilbay Ramatov, Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Raʼno Joʻrayeva, shuningdek “AIR MARAKANDA”ning operatsion faoliyat boʻyicha bosh direktori oʻrinbosari Xilmi Yilmaz soʻzga chiqdilar.

Yangi terminalning qurilish loyihasi qiymati 80 million dollarga teng boʻlib, bu loyiha Oʻzbekiston aviatsiyasi tarixida birinchi marta “Uzbekistan Airports” AJ (davlat hamkori) va “AIR MARAKANDA” MCHJ (xususiy sherik) oʻrtasida imzolangan davlat-xususiy sheriklik kelishuvi natijasida amalga oshirildi. Qurilish ishlari Oʻzbekistonda yetakchi EPC-pudratchi hisoblangan Enter Engineering kompaniyasi tomonidan Turkiyaning Kiklop loyiha-muhandislik kompaniyasida yaratilgan meʼmoriy yechim asosida amalga oshirildi.

Yangi terminal doimiy reyslar sonini haftasiga 40 tadan 120 tagacha oshirish imkonini beradi, perronning modernizatsiya qilinishi natijasida aviaturargoh 24 tagacha havo kemasini sigʻdira olish darajasigacha kengaydi. Aeroportning yoʻnalish tarmogʻini kengaytirish rejasi 2030-yilga borib yoʻnalishlar sonini 30 taga yetkazishga qaratilgan. Masalan, 2019-yilda Samarqand aeroportidan 5 ta yoʻnalish boʻyicha aviaqatnovlar amalga oshirilar edi. Lufthansa Consulting xalqaro tahlillar tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan mustaqil tahlillar ushbu aeroport orqali yoʻlovchi oqimining yiliga 480 000 kishidan 2 million kishiga ortishini koʻrsatyapti.

Yangi aerovokzal majmuasi xalqaro meʼyorlarga mos ravishda jismoniy imkoniyati cheklangan yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha talablarni hisobga olgan holda bunyod etilgan. Terminalda 29 ta roʻyxatga olish peshtaxtasi, 8 ta havo kemasiga minish uchun chiqish yoʻlaklari, 4 ta teleskopik trap, 10 ta pasport nazorati kabinasi va uchib ketayotgan yoʻlovchilar uchun 6 ta Ye-gate, shuningdek uchib kelgan yoʻlovchilar uchun 15 pasport nazorati kabinasi mavjud. Qoʻshimcha qulayliklar 3,1 km uzunlikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagi, 24 oʻrinli aviaturargohdan iborat, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

Qoʻshimcha maʼlumot:

AIR MARAKANDA 2020-yilda, aeroportlarni boshqarish va yoʻlovchilarga hamda aviakompaniyalarga qoʻshimcha xizmatlar, jumladan shaxsiy bagaj, yuklar, pochtaga ishlov berish, samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatishni soddalashtirish kabi xizmatlarni koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan.