Joriy yilda mazkur universitet qoshida Koreya texnologiya va madaniyat kolleji (Korean College of Technology and Culture) oʻz faoliyatini boshladi.

Mazkur kollejni ochishga Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayevning oʻtgan yili oktyabr oyida Janubiy Koreyaga amalga oshirgan safari davomida Xankuk xorijiy tillar universiteti va Ipak yoʻli universitetlar tarmogʻi rahbarlari bilan oʻtkazgan muzokaralari natijasida kelishib olingan edi.

Kollejda 5 yoʻnalish – “yashil” energetika (qayta tiklanuvchi energiya), axborot-texnologiyalari dasturchilarini tayyorlash, innovatsiya va biznes, dizayn (sanoat, iqtisodiyot, qurilish dizaynerligi) hamda koreys tili boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti ushbu kollejni malakali oʻqituvchilar bilan taʼminlash vazifasini oʻz zimmasiga olgan. Ipak yoʻli universitetlar tarmogʻi direktori professor Xvang Sung Don esa ushbu kollejga rahbarlik faoliyatini boshladi.

Qayd etish kerakki, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Oʻzbekistondagi yangi turdagi nodavlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Universitet Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvi uchun oʻzida ilgʻor muhandislik bilimlari mavjud boʻlgan, ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega, innovatsion texnologiyalarni yaratish va joriy etish koʻnikmalarini egallagan yuqori malakali yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni maqsad qilgan.

— Ushbu murakkab vazifani bajarish uchun asosiy shart – bu yangi texnik taʼlim, ilgʻor xalqaro standartlar asosida muhandis kadrlarni tayyorlashning amaldagi tizimini tubdan isloh qilish, oʻzgartirishdir, — deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev. — Shundan kelib chiqib, biz dunyodagi eng nufuzli texnika oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik va ularning pedagogik tajribasi asosida tayyorlangan oʻquv rejalari, taʼlim dasturlari va metodikalarni universitetimiz taʼlim jarayoniga tatbiq etyapmiz.

Muassasada talabalar neft-gaz muhandisligi, kimyo muhandisligi, konchilik ishi, geologiya va geologiya muhandisligi yoʻnalishlarida taʼlim oladi. Oʻquv jarayoniga Amerika, Yevropa, Osiyo, Avstraliya va Afrikadagi yetakchi taʼlim va ilmiy-texnika markazlarida faoliyat olib borayotgan xorijlik yetakchi oʻqituvchilar va mutaxassislar, jumladan, xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan vatandoshlar ishga taklif etilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Koreya texnologiya va madaniyat kolleji rahbari professor Xvang Sung Donning qayd etishicha, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti oʻz faoliyatida Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribasini va mutaxassislarini jalb qilgan holda, talabalar almashinuvi dasturini yoʻlga qoʻyish, bugungi zamon uchun eng dolzarb boʻlgan “yashil” energetika (qayta tiklanuvchi energiya), axborot-texnologiyalari, dizayn kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilishni rejalashtirgan.