Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshida Koreya texnologiya va madaniyat kolleji ochiladi

    Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti ushbu kollejni malakali oʻqituvchilar bilan taʼminlash vazifasini oʻz zimmasiga oladi.

    Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev Janubiy Koreyaga amalga oshirgan safari doirasida ushbu oliy bilim yurti hamda qator yetakchi taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari, xususan Xanguk xorijiy tillar universiteti, Ipak yoʻli universitetlar tarmogʻi, Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti, Koreya boshqaruv axborot tizimi jamiyati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolandi. Yaqin kunlar ichida Koreya Ilgʻor ilm-fan va texnologiyalar instituti bilan ham hamkorlik bitimi tuzishga kelishib olindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    Ushbu memorandumlar asosida Samarqand xalqaro texnologiya universitetida texnologik injiniring, “yashil” energetika, axborot-texnologiyalari, koreys tili yoʻnalishlarida Janubiy koreyalik hamkorlar bilan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

    Bundan tashqari, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshida Koreya texnologiya va madaniyat kollejini (Korean College of Technology and Culture) ochishga kelishib olindi. 2023-yil yanvarda faoliyat boshlaydigan mazkur kollejda “yashil” energetika (qayta tiklanuvchi energiya), axborot-texnologiyalari dasturchilarini tayyorlash, dizayn (sanoat, iqtisodiyot, qurilish dizaynerligi) va koreys tili boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.

    Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti ushbu kollejni malakali oʻqituvchilar bilan taʼminlash vazifasini oʻz zimmasiga oladi. Ipak yoʻli universitetlar tarmogʻi direktori Xvang Sung Don esa ushbu kollejga rahbarlik qiladi.