Iqtisodiyot va moliya vazirligining xabar berishicha, uchrashuvda tomonlar oʻrtasida davlat-xususiy sheriklik dasturlari asosida transport infratuzilmasini takomillashtirish, xususan, avtomobil yoʻllarini qurish va modernizatsiya qilish, turk kompaniyasining sohadagi tajribasi, jumladan, avtomobil yoʻllari, koʻpriklar va aeroportlar qurish yoʻnalishida shakllantirilgan loyihalari yuzasidan muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Suhbat davomida tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida soʻnggi yillarda DXSH loyihalari boʻyicha hamkorlik katta surʼatlarda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlab, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan oʻtuvchi yangi Samarqand-Buxoro tezyurar pullik avtomobil yoʻlini qurish maqsadida Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishdagi asosiy yoʻnalishlar, amalga oshirilayotgan DXSH loyihalari, DXSH mexanizmlaridan samarali foydalanish, sohada jahonning ilgʻor va muvaffaqiyatli tajribalaridan keng foydalanish yuzasidan fikr almashdi.