Samarqandda “ Discovering Uzbekistan” II xalqaro turistik konferensiyasi boʻlib oʻtdi

    Turizm 23 Oktabr 2022 1430

    2022-yil 21-oktyabrda Samarqand shahrida xalqaro aviakompaniyalar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar vakillari, shuningdek, diplomatik korpus, vazirliklar, idoralar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonda jamlagan “Discovering Uzbekistan” ikkinchi xalqaro turizm konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

    Turizm va madaniy meros vazirligi, “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati, Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirliklari va Samarqand turistik markazi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirdan koʻzlangan maqsad “Oʻzbekiston” deb nomlangan turizm mahsuloti haqida soʻz yuritish va mamlakatimizni xorijlik sayyohlar uchun ochishdir.

    “Oʻzbekistonning turizm sanoati mahalliy hamda xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatishga tayyor. — dedi Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov. — Biz kelgusi yil xorijiy turistlar sonini 7,3 million va mahalliy sayyohlar sonini 12 million nafarga yetkazishni rejalashtirganmiz. Rejalarimizni amalga oshirishda avvalo transport-logistika sohasida yaratilgan qulay imkoniyatlardan birgalikda samarali foydalanishimiz zarur. Shu nuqtayi nazardan mazkur tadbir sohadagi turizm va transport tashkilotlari, ekspertlar va xorijlik hamkorlar uchun samarali hamda manfaatli boʻlishiga ishonaman”.

    Konferensiyada turizm va aviatsiya sohalarining muammoli masalalari muhokama etildi, alohida hududlar va noodatiy turistik joylar taqdimoti amalga oshirildi. Shuningdek, Oʻzbekiston aeroportlarining imkoniyatlari va reyslar sonini koʻpaytirish rejalari haqida soʻz yuritildi. Bundan tashqari, yangi mintaqaviy aviakompaniya — “Silk Avia” taqdimoti oʻtkazildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Yakunda konferensiya ishtirokchilari uchun “Boqiy shahar” boʻylab sayohat uyushtirildi.