2021-yilda Samarqand viloyatida 94 ming 230 gektar bugʻdoydan boʻshagan maydonlarning 85 ming 142 gektari 140 ming 875 nafar fuqaroga boʻlib beriladi. Eʼtiborlisi shundaki, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 42 ming 27 nafar fuqaroga takroriy ekin ekib, oilaviy byudjetiga qoʻshimcha daromad keltirish maqsadida taqsimlab berilmoqda. Aholining kuchli ijtimoiy himoya qilish uchun ushbu guruh vakillariga 10 ta klaster korxonalari va eksportyorlar biriktirildi.
Qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 4 ming 258 gektar yerda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish yuzasidan shudgorlashdan tortib barcha agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi. Ikki tomonlama tuzilgan shartnomaga koʻra, yetishtirilgan hosil ushbu korxonalar tomonidan qabul qilinib, qayta ishlanadi va ichki isteʼmol bozori hamda eksportga yoʻnaltiriladi.
Joriy yilning 5-iyul holatiga koʻra, 75 ming 830 gektar yer maydonidagi boshoqli don ekinlari yigʻishtirib olindi. Mazkur yer maydonining 62 ming 638 gektari somondan tozalanib shudgorlandi va takroriy ekinlar ekildi. Bugʻdoydan boʻshagan maydonlarda takroriy ekinlar ekilishi bilan bogʻliq agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan viloyatda 230 ta otryadlar shakllantirildi.
Yana bir gap. Joriy yilda takroriy ekinlarni ekishda asosan, ichki bozor talabi hamda aholi ehtiyojlariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda, hozirga qadar 1 ming 408 gektar yerda sabzavot, 2 ming 160 gektar kartoshka, 173 gektarda moyli ekinlar, 21 ming 422 gektar yer maydonida dukkakli hamda 9 ming 920 gektar yerda ozuqa ekinlar ekildi.
Xususan, Jomboy tumanida 7 ming 92 gektar, Oqdaryo tumanida 5 ming 734 gektar, Samarqand tumanida 1 ming 119 gektar, Pastdargʻomda 7 ming 400 gektar, Ishtixon tumanida 4 ming 180 gektar yer maydonida takroriy ekinlar ekilib, agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda, deya xabar beradi Agroinspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.
Koʻrilayotgan tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad, ichki isteʼmol bozori va aholi ehtiyoji uchun sifatli, arzon qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishdan iborat.