Kengash aʼzolari, viloyatdagi boshqarma va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan yigʻilishda viloyat kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar va bu boradagi qonunchilik ijrosini oʻrganish yakunlari tahlil etildi.
Qayd etilishicha, 2026-yil yakuniga qadar mamlakatda, shu jumladan, Samarqand viloyatida kambagʻallikni ikki barobarga kamaytirish rejalashtirilib, yangi ish oʻrinlari yaratish va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish borasida faol siyosat olib borilmoqda. Tegishli dasturlar doirasida bandlik organlari va hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan viloyatdagi bank muassasalari tomonidan 2023 - 2024-yillar va joriy yilning 4 oyida 98 ming fuqaroga 1 trillion 803 milliard soʻm kreditlar ajratilgan, 12,1 ming nafar yurtdoshimizga 63 milliard soʻmlik subsidiyalar berilgan va 207 ming nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilgan.
Biroq sohada manfaatlar toʻqnashuviga oid hamda korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar saqlanib qolmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi choragida 3300 dan ortiq holatda hisobotlarga qoʻshib yozilishi aniqlangan va buning natijasida 80 dan ortiq hokim yordamchisi va boshqa masʼullarga nisbatan intizomiy, maʼmuriy va jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi (19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi). 3 milliard soʻmlik subsidiya, nafaqa va kredit mablagʻlari talon-toroj qilingan.
Hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning salmoqli qismi Samarqand shahri, Urgut, Ishtixon va Oqdaryo tumanlari hisobiga toʻgʻri kelsada, mahalliy hokimlik idoralari yoki bandlik organlari tomonidan xizmat tekshiruvlari oʻtkazilmagan.
Bandlik organlarining “Yagona milliy mehnat tizimi” elektron platformasi orqali amalda ish bilan band boʻlgan yoki oʻzini-oʻzi band qilgan 155 nafar fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 barovarigacha miqdorda subsidiyalar berilgan. Bunday holatlarga asosan Kattaqoʻrgʻon shahri, Kattaqoʻrgʻon, Nurobod, Narpay, Jomboy, Oqdaryo, Bulungʻur Samarqand va Payariq tumanlarida yoʻl qoʻyilgan.
2023 - 2024-yillarda byudjet mablagʻlari hisobidan taʼminotchi korxonalardan sotib olingan 63 milliard soʻmlik asbob-uskunalar joylarga olib borilib, hokim yordamchilari ishtirokida ishsiz fuqarolarga topshirilgan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Ammo ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarga yordam tariqasida subsidiyalar berish yoʻnalishida ham suiisteʼmollikka yoʻl qoʻyilayotganligi kuzatilmoqda.
“Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonunda davlat muassasalari xodimlariga manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq, ayniqsa, ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarda cheklovlar oʻrnatilgan. Ammo bandlik organlarining 12 nafar xodimi va 25 nafar hokim yordamchisi tadbirkorlik subyekti tashkil qilib, boshqarib kelgan.
Yigʻilishda mazkur holatlar yuzasidan viloyat kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda boshqa tashkilotlar rahbarlaridan izoh soʻraldi.
Hududiy kengash raisi Sh.Negmatov qayd etilgan holatlarni tezkor bartaraf etish, sohada korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq har qanday munosatlarga chek qoʻyish yuzasidan masʼullar oldiga aniq vazifalar qoʻydi. Korrupsion holatlarga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi tamoyili taʼminlanishi eslatildi.








