Samarqand shahrida boshlangan emlashda 65 yoshdan yuqori boʻlgan aholi qamrab olinmoqda.
Bugun ertalabdan shahardagi 4-oilaviy poliklinikada emlash jarayoniga kirishildi.
Maʼlumotlarga koʻra, mazkur hududdagi 4511 nafar 65 yoshdan yuqori boʻlgan aholi roʻyxatga olingan va ilk bosqichda ular emlanadi.
Emlanayotganlar avval koʻrik xonasiga kirib, sogʻligi toʻliq nazoratdan oʻtkazildi, keyin emlash xonasida koronavirusga qarshi emlash amalga oshirilib, keyingi – kuzatuv xonasiga olib kirildi. Moneligi boʻlmagan, yaʼni isitma qilmayotgan, surunkali xastaligi xuruj qilmagan, allergik reaksiya kuzatilmagan fuqarolargina emlanishi mumkin. Koʻrik xonasida har bir fuqaro toʻliq vrach nazoratidan oʻtgach emlash xonasiga olib kiriladi.
Samarqandda birinchi vaksina olgan inson Bogʻbon mahallasida yashovchi 86 yoshli Tolib Murodov boʻldi.
– Oʻtgan yili koronavirus xastaligini boshimdan oʻtkazdim, – deydi Tolib bobo. – Uyda davolangandim. Poliklinika shifokorlari sogʻligʻimni nazorat qilib turishdi. Virusga qarshi vaksina olishga birinchilardan boʻlib keldim. Sogʻligʻimizni ehtiyot qilishimiz, yaqinlarimizga ogʻirligimizni tushirmasligimiz kerak.
– Ayni paytda viloyatda bitta markaziy, 16 ta hududiy tuman (shahar) vaksina saqlash omborxonalari, ulardagi sovutgichlar, elektrogeneratorlar, termosumkalar va termokonteynerlar shay holatga keltirildi, — deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Suhrob Zayniyev. — Emlash ishlarini amalga oshirish uchun 411 ta emlash punktlariga 180 ta qoʻshimcha xona va 186 ta harakatdagi brigadalar tashkil etildi. Sogʻliqni saqlashning birlamchi tibbiy boʻgʻini xodimlari, emlash jarayonida qatnashadigan 367 nafar vrach hamda 724 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari maxsus dastur boʻyicha oʻqitildi.
Viloyatda birinchi bosqichda emlanadiganlar keksalar 168 ming 218 nafarni tashkil etadi.
Vaksinatsiya jarayonlarini aholi oʻrtasida keng targʻib etish hamda bu jarayondagi turli xil gap-soʻzlarga oʻrin qoldirmaslik maqsadida Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshligʻi A.Bobojonov va bir qator tibbiyot xodimlari ham birinchilar qatorida emlandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.