Nashr Oʻzbekiston Prezidenti 9-dekabr kuni Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan lomyihalar taqdimoti bilan tanishganini xabar qilgan. Loyihalar Samarqandni zamonaviy shaharga aylantirish, aholi farovonligini oshirish, tadbirkor va investorlar faolligini oshirish, turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan.
“Dunyo” AAning qayd etishicha, manba yaqin yillarda Samarqand bir million aholiga ega shaharga aylanishi kutilayotganiga eʼtibor qaratadi. Buning uchun shaharga qoʻshni tumanlarning alohida hududlari kiradi. Davlat idoralari va maʼmuriy xizmatlar tarixiy markazdan tashqariga koʻchiriladi.
Samarqand iqtisodiyotining asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblangan turizm sohasida 40 ming kishini ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Viloyatni mamlakatning sayyohlik markaziga aylantirish orqali kelgusi besh yilda turistik xizmatlar hajmini 10 barobar oshirish rejalashtirilgan. Xususan, 600 dan ortiq yangi mehmonxona va mehmon uylari tashkil etiladi.
Bu boradagi eng yirik loyiha Samarqand ishbilarmonlik va sayyohlik markazidir. 212 gektar maydonda barpo etilayotgan majmua xalqaro kongress markazi, “Abadiy shahar” karvonsaroyi, 8 ta mehmonxona, dam olish va koʻngilochar maskanlar, hunarmandchilik markazi va sunʼiy suv havzalaridan iborat boʻladi. Bu yerda 5 mingdan ortiq kishi ish bilan taʼminlanadi, deyiladi maqolada.
Umuman olganda, rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish hisobiga viloyatga kelayotgan xorijiy sayyohlar sonini yiliga 5 million nafarga yetkazish kutilmoqda.
Nashr, shuningdek, 2023-yilda Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi boʻlib oʻtishiga ham oʻquvchilar eʼtiborini qaratgan. YUNVTO Bosh Assambleyaning Madridda (Ispaniya) boʻlib oʻtgan 24-sessiyasida navbatdagi sessiyani chaqirish joyi boʻyicha ovoz berish jarayonida Oʻzbekiston gʻolib chiqqani qayd etilgan.
YUNVTO Bosh Assambleyasi ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan eng muhim turizm forumi boʻlib, BMTning bunday yuqori saviyada oilaviy tadbirining Oʻzbekistonda oʻtkazilishi tarixiy voqeadir, deya xulosa qiladi maqola muallifi.