Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan Prezidentimizning 2019-yil 15-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori bilan yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Shu maqsadda, viloyatda 2022-yil hosili uchun 75 ming 356 gektar yer maydoniga iqlim sharoitiga mos, ertapishar navlar ekilishi yuzasidan bahorgi agrotexnik tadbirlar amalga oshirilyapti. Mazkur agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va qisqa muddatlarda yakunlash yuzasidan inspeksiyaning sohaviy inspektorlari tomonidan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Joriy qishloq xoʻjalik mavsumida samarqandlik dehqonlar chigitning Buxoro-102, S 82-86, Omad, Sulton, Porloq-1 singari mahalliy iqlim sharoitiga mos, ertapishar navlarini ekishni rejalashtirishgan. Ana shu maqsadda 159 ta yer tayyorlash va ekish otryadlari tashkil etildi. Mavsum davomida 433 ta haydov traktori, 1612 ta chopiq traktori, 10 ming 850 dona tishli borona, 319 ta chizel, 150 dona yer tekislagich, 962 ta chigit ekish seyalkasi, shundan 199 dona yuqori unumdor seyalkadan samarali foydalanilmoqda.
Bundan tashqari, joriy xoʻjalik yilida chigit ekish mavsumida mineral oʻgʻit tashish uchun 879 dona va yoqilgʻi moylash materiallarni yetkazib beradigan 116 dona koʻchma agregat ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Paxtadan moʻl hosil yetishtirish yuzasidan sifatli urugʻlik chigit tayyorlanishiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda 5 ming 671 tonna urugʻlik chigit tayyorlandi.
Xususan, “Kattaqoʻrgʻon klaster” MCHJ 274 tonna, “Maroqand sifat telkstil” MCHJ 1882 tonna, “AMINA GOLD INBEST” MCHJ 362 tonna, “Samarqand kamalak invest” MCHJ 1192 tonna, “Afrosiyob JENS” MCHJ 429 tonna, “Paxtachi klaster” MCHJ va “Payariq klaster” MCHJ tomonidan 739 tonna urugʻlik chigit tayyorlanib, fermer xoʻjaliklariga yetkazib berildi.
Chigit ekish mavsumini qisqa muddatda va sifatli oʻtkazish maqsadida urugʻlik chigit kimyoviy vositalar bilan dorilangan holda tayyorlandi. Shuningdek, paxta toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalar tomonidan 65 ta chigit tarqatish shoxobchasi mavsumga shay holatga keltirildi. 2022-yil hosili uchun puxta zamin hozirlash borasida 915 ta chigit ivitish xandagi, 966 ta taglik, 304 ta maxsus idish, 124 ta tarozi va boshqa zaruriy jihozlar bilan taʼminlangan.
Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan bahorgi agrotexnik tadbirlarga tayyorgarlik ishlari, mavsum davomida ishtirok etadigan barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnika vositalarining texnik holati koʻzdan kechirilib, tegishli sertifikatlar berilgan.
Maʼlumot oʻrnida, viloyatda 2020-yil paxta hosili uchun joriy yilning 4-aprel holatiga koʻra, 41ming 778 gektar yer maydoni chigit ekishga tayyorlangan boʻlib, bir kunda oʻrtacha 9 ming gektardan ortiq yer sifatli tarzda chigit ekishga hozirlab borilyapti.
Joriy yilning 4-apreliga qadar 22 ming gektardan ortiq yer maydoniga chigit ekilgan boʻlib, bir kunda oʻrtacha 8 ming gektardan ziyod yer maydoniga baraka urugʻi qadalmoqda.
Davron Achilov,
“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat
boshqarmasi boshligʻi