Videotasvirda koʻrish mumkinki, avtomobillar piyodalar yoʻlagi oldida boshqa bir avtomobil toʻxtab turibdi. Ayollar, bir necha yosh bolalarini olib oʻtayotir. Lacetti katta tezlikda kelib ularni urib yuborib, qarama-qarshi yoʻlga chiqib ketgan.
Samarqand IIB matbuot xizmati voqea 11-aprel kuni soat 20:00 larda Samarqand shahri “Nurli yoʻl” mahallasi hududidan oʻtuvchi Rudakiy koʻchasida sodir boʻlganini maʼlum qildi. Qayd etilishicha, 1997-yilda tugʻilgan shaxs boshqaruvida boʻlgan Lacetti piyodalar oʻtish yoʻlagidan yoʻlni kesib oʻtayotgan fuqarolarni urib yuborgan.
Mazkur yoʻl-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olgan piyodalar shifoxonaga yetkazilib, tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, haydovchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.









