Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan Prezidentimizning 2020-yil 6-martdagi “Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Shu maqsadda, “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari hamda tegishli qishloq xoʻjaligi korxonalari xodimlaridan iborat “Ishchi guruhi” tashkil etilgan. Unga koʻra, davlat resursiga gʻallani standart talablari asosida qabul qilishni taʼminlash yuzasidan don qabul qilish shaxobchalari ahvoli, maxsus yopiq sigʻimlarning mavsumga hozirlik holati jiddiy nazoratga olindi.
Hususan, “Jomboydon” AJ ga qarashli 4 ta, “Samarqanddon” AJ ga qarashli 4 ta, “Oqtosh don” AJ ga tegishli 5 ta hamda “Juma elevatori” ga qarashli 1 ta don qabul qilish shaxobchalarida mavsumga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Don qabul qilish shaxobchalaridagi saqlash omborlar sigʻimi, obyektlarni kompleks dezinfeksiyalash, saqlash, laboratoriyalar ahvoli, laborantlar malakasi yuzasidan tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning oʻtgan davri davomida, don qabul qilish shaxobchalaridagi sinov va oʻlchov vositalari davlat qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilib, sertifikatlar bilan taʼminlandi.
“Oʻzagroinspeksiya” zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, don yetishtiruvchilarga va donni saqlash hamda qayta ishlash korxonalariga donni oʻrib-yigʻib olish, tozalash, quritish, ishlov berish va saqlashga oid normativ-texnik hujjatlar, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish yuzasidan amaliy koʻmak berilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yil hosili uchun viloyatdagi 4 ming 470 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 94 ming 230 gektar suvli maydonga ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlaridan 208 ming 400 tonna gʻalla hosili yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan, 179 ming tonnasi tovar, 29 ming 400 tonnasi urugʻlik donni tashkil etadi.
Bularning barchasidan koʻzlangan maqsad, dehqonlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilgan hosilni sifatli tarzda qabul qilish va qayta ishlab, aholi dasturxoniga rizq-nasiba ulashishdan iborat.
Rashid Sobirov,
“Oʻzagroinspeksiya” ning Samarqand viloyat
boshqarmasi katta inspektori