17-iyun kuni Samarqand shahridagi “Sof Expo Samarkand” ko'rgazmalar majmuasi yana bir nufuzli tadbirga mezbonlik qildi. “Avicenna Heritage —2022” yoki “Abu Ali ibn Sino merosi — 2022” deb nomlangan Dorivor o'simliklar mahsulotlarining xalqaro ko'rgazmasi yurtimizda ilk bor o'tkazildi.
Ko'rgazma O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Farmasevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi, Samarqand viloyat hokimligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, O'rmon ho'jaligi davlat qo'mitasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Ko'rgazmada dorivor o'simliklarni etishtiruvchi va uni qayta ishlovchi hamda dorivor o'simliklar asosida biologik faol qo'shimchalar ishlab chiqaruvchi 100 ga yaqin mahalliy tadbirkorlar, shuningdek, O'rmon xo'jaligi korxonalari, Shifobaxsh ilmiy ishlab chiqarish markazi, Fanlar akademiyasi huzuridagi ilmiy institutlar, O'zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, O'zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi, O'zbekiston xalq tabobati akademiyasi, Sharq tabobati instituti vakillari va xududlardan tashrif buyurgan 2000ga yaqin tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir dorivor o'simliklar xomashyo bazasidan samarali foydalanish, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor o'simliklarni keng qo'llash, dorivor o'simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo'llab-quvvatlash orqali chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda qo'shimcha qiymat zanjirini yaratishni yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyat maydoni bo'lib xizmat qiladi.