Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda fuqarolarni aylanma yoʻllar bilan AQSH davlatiga noqonuniy yuborayotgan jinoiy guruh aʼzolardan birining faoliyatiga chek qoʻyildi.

Maʼlum boʻlishicha, 1995-yilda tugʻilgan, Buxoro shahrida yashovchi M.F. fuqarolarni noqonuniy yoʻllar bilan Yevropa ittifoqi davlatlari va Meksika orqali AQSHga yuborish bilan shugʻullangan.

U navbatdagi “mijozi” – samarqandlik fuqaroni AQSHga yuborish uchun 15.000 AQSH dollar soʻragan. Tezkor tadbir chogʻida M.F. ushbu puldan 3000 AQSH dollarini mahalliy fuqarodan olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.