Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand viloyatining Qoʻshrabot va Kattaqoʻrgʻon tuman hokimliklari mansabdor shaxslari tomonidan xizmat safarlariga yaqin qarindoshlar hamda sohaga bevosita aloqador boʻlmagan xodimlarni yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani maʼlum boʻldi.

Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasida Markaziy Osiyo davlatlarining professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qoʻshrabot tuman hokimining haydovchisi M.T. hamda hokimning oʻgʻli D.D.lar xizmat safariga yuborilgan.

Shuningdek, “Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish” boʻyicha maxsus oʻquv kurslariga taklif etilgan 32 nafardan iborat delegatsiya tarkibiga tuman hokimining turmush oʻrtogʻi M.Sh. va boshqa bir mansabdor shaxsning yaqin qarindoshi Ch.H.lar asossiz ravishda kiritilgan.

Bundan tashqari, roʻyxatdagi ayrim shaxslar tumandagi 1-son texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan boʻlsa-da, aslida u yerda ishlamasliklari oʻrganish davomida oʻz tasdigʻini topdi.

Shu kabi holatlar Kattaqoʻrgʻon tuman hokimligi faoliyatida ham kuzatilgan boʻlib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida 2025-yilning may oyida Xitoyga tashkil etilgan xizmat safari tarkibiga safar maqsadlariga mutlaqo aloqador boʻlmagan xodimlar qoʻshilgan.

Shu bilan birga, davlat rahbarining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoni talablariga zid ravishda, Kattaqoʻrgʻon va Qoʻshrabot tuman hokimliklari mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi maʼlumotlarni jamoatchilikdan yashirib kelishgan.

Hozirda oʻrganish davomida toʻplangan barcha hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.