Joylarga tashrif buyurgan holda ishlab chiqarilishi oʻzlashtirilgan mahsulot hajmini koʻpaytirish hamda ichki va tashqi bozorda xaridorgir yangi turdagi mahsulotlar yaratishni yoʻlga qoʻyish maqsadida korxonalardagi texnologik jarayonlar, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish istiqbollari oʻrganildi.

Tadbirkorlar va investorlar amalda duch keladigan tizimli va xususiy xarakterdagi masalalar ham koʻrib chiqildi va bevosita joylarda ularni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi.

Viloyatning investitsiyaviy va sanoat salohiyatidan toʻliq foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga mahalliy biznes vakillarining muammolarini hal etish yuzasidan aniq vazifalar berildi.

“Tarmoq birlashmasi – mahalliy hokimiyat organi – tadbirkor” bogʻlanmasi doirasida muvofiqlashtirilgan hamkorlik hududiy darajada qator dolzarb masalalarni, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash, sanoat ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va boshqa vazifalarni hal etish imkonini berishi taʼkidlandi.

Tashrif yakunlari boʻyicha mutasaddi rahbarlarga mahalliy ishlab chiqaruvchilar va investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini amaliy qoʻllab-quvvatlashni faollashtirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.