Samarqand viloyati IIBning telegramdagi kanalida blogerning qamoqqa olingani tasdiqlovchi xabarni eʼlon qildi.

Xabarda aytilishicha, Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida yashovchi 1961-yilda tugʻilgan fuqaro R.X. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Uning maʼlum qilishicha, 2024-yil avgust oylarida Toshkent shahrida yashovchi 1980-yilda tugʻilgan S.A.ga boshqa shaxs bilan oʻrtasidagi moliyaviy masalani hal qilib berishni soʻrab murojaat qilgan. S.A. vakolatli shaxs boʻlmasa-da, ishni uning foydasiga hal qilib berishni vaʼda qilib, evaziga maʼlum miqdorda pul olgan.

Biroq u hozirgi kunga qadar bergan vaʼdasini bajarmasdan, jabrlanuvchini aldab kelgani aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Hozirda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.