Samarqand shahridagi Ishsizlarni kasb-hunarga oʻqitish markazi (KOICA) faoliyati va “Ishga marhamat” monomarkazida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishildi.
KOICAda ikki smenada oʻquv kurslari tashkil etilgan. Shu yerda oʻnga yaqin yoʻnalishlarda oʻqishga jalb etilgan fuqarolar bilan suhbat oʻtkazildi. Markazda ishlayotgan oʻqituvchilar tomonidan tayyorlangan oʻquv metodik qoʻllanmalar yurtimizning boshqa kasb-hunarga oʻqitish markazlarida foydalanish uchun tavsiya etildi. Monomarkaz qurilish ishlarini jadallashtirish, oʻquv xonalarini optimallashtirish, fuqarolarga qulay sharoitlar yaratish va boshqa masalalarda tegishli koʻrsatmalar berildi.
Markazda viloyatdagi xususiy bandlik agentliklari rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda 11 ta XBAning rahbar va masʼul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani, natijada fuqarolarning pul mablagʻlari firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib yuborilgan qayd etildi.
Uchrashuvda “Status 777” xususiy bandlik agentligi fuqarolarni Polshaga ishlash uchun yuborish maqsadida tegishli vizani rasmiylashtirish, “Buyuk Gallaktika Franchayzing” xususiy bandlik agentligi rahbarlari esa ayni paytda Kanada, Yaponiya va Isroil davlatlari ish beruvchilari bilan shartnomalar mavjudligi, kelgusida mazkur shartnomalar asosida mazkur davlatlarga fuqarolarni ishga yuborish masalasida Vazirlik tomonidan amaliy yordam berilishini soʻradi.
Polshaga ishchi vizani olish masalasida qoʻshimcha asosli maʼlumotlar taqdim etilishi, shuningdek, Kanada, Yaponiya va Isroilga fuqarolarni ishga jalb qilish yuzasidan kelgusida ushbu davlatlarga rejalashtirilayotgan tashrif doirasida XBA vakili sifatida “Buyuk Gallaktika Franchayzing” masʼullarini xizmat safariga jalb etish zarurligi aytildi.









