Аxborot texnologiyalari sohasida istiqbolli startap-loyihalarni amalga oshirish, ularni ichki va tashqi bozorlarga chiqarish, yosh dasturchilar tayyorlash, sohada yangi ish oʼrinlarini yaratish maqsadida bugun Samarqand shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining(IT-Park) hududiy filiali zamonaviy infratuzilmaga ega binoda oʼz faoliyatini boshladi.

Binoni foydalanishga topshirish boʼyicha tashkil etilgan tantanali tadbirda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʼrinbosari Oleg Pekos ishtirok etdi.

IT-Parkda kovorking, rezidentlar va startapchilar uchun ofis joylari, zamonaviy oʼquv xonalari, robototexnika, kibersport, muzokara va uchrashuvlar xonalari (meeting room), konferentszal, intervyu zona, internet-kafe va boshqa yordamchi xonalar eng soʼnggi uslubdagi dizayn hamda zamon talablari asosida tashkil etilgan.

Filial viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan yuridik shaxslar, oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik olib boradi.

Shuningdek, filial qoshida viloyatning har bir shahar va tumanlarida tashkil etiladigan Raqamli texnologiyalar markazlari faoliyat olib boradi. Hozirgi kunda 6 ta shahar va tumanlarda mazkur markazlar tashkil etildi, joriy yil yakuniga yana 4 ta shu kabi markazlar ishga tushiriladi.

Filial tashkil etilishi natijasida viloyatda 50 ta yangi IT korxonalar, 200 ta yangi ish oʼrinlari va 100 dan ortiq startap loyihalar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.