Viloyatdagi tibbiy kislorodga boʻlgan ehtiyoj oshishi ehtimolini inobatga olib, Samarqand shahrida qiymati 600 ming AQSH dollariga teng, quvvati soatiga 55 kub boʻlgan, Fransiyada ishlab chiqarilgan kislorod zavodi olib kelib oʻrnatildi.

Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati sifatini oshirish maqsadida 83 dona “Damas”, 10 dona “Volkswagen” va 2 dona “Isuzu” rusumli maxsus avtomashinalari uchun jami 10 milliard 799 million soʻm mablagʻ ajratildi.

Bundan tashqari, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga ham koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish doirasida xizmat qilishi belgilangan 27 ta “Damas” avtomashinasi olib berildi. Dori-darmon zaxirasi uchun mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan 5 milliard soʻm ajratildi. Ushbu mablagʻlar evaziga kerakli dori vositalarining 3 oylik zaxirasi yaratildi.

Bugungi kunga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan markazlashgan tartibda bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun ixtisoslashgan davolash-profilaktika muassasalariga qiymati 20 milliard 880 million soʻmga teng boʻlgan 50 turdagi 1598 dona zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi. Shuningdek, 1220 dona kislorod ballonlari, 75 ta kardiomonitor, 2000 ta Bobrov apparati, 1500 ta pulsoksimetr, 872 ta kislorod konsullari, 140 ta kislorod konsentratorlari, 1000 ta kislorod naychalari olib kelindi.