Bugun viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi” boshlandi. Unda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, senator Farmon Toshev, viloyat hokimi oʻrinbosari Dilshod Mamatqulov, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Toshpoʻlat Tugalov va boshqalar soʻzga chiqib, kitob oʻqish orqali ilmga, maʼrifatga erishish, Yangi Oʻzbekistonimizni yangi marralarga olib chiqish mumkinligini taʼkidlashdi.

— Haftalikni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida kitob mutolaasini targʻib etish va kitobxonlik madaniyatini shakillantirish, ularning intellektual salohiyati va maʼnaviy saviyasini yuksaltirish hamda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan kutubxonalar va nashriyotlar bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir, — dedi viloyat hokimi oʻrinbosari Dilshod Mamatqulov.

Haftalik doirasida Oʻzbekiston badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi viloyat axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda “Sanʼat olamiga sayohat” nomli miniatyura sanʼati asarlaridan tashkil topgan koʻchma koʻrgazma ham namoyish etiladi.

 “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlari joriy yilning 9-apreligacha davom etadi.