Sessiyada shahar xalq taʻlimi boʻlimi mudiri N.Sadinovaning axboroti eshitildi. Samarqand shahridagi umumtaʻlim maktablari faoliyati muhokama qilindi. Maʻlum boʻlishicha, Samarqand shahrida 81 ta umumtaʻlim maktabi bor. Bundan tashqari “Barkamol avlod” bolalar markazi hamda SamDU huzuridagi aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda 96 ming 831 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Taʻlim muassasalarida 5 119 nafar pedagog xodim faoliyat yuritmoqda.

Sadinovaning maʻlum qilishicha, 25-26-avgust kunlari shahardagi barcha maktablarda ota-onalar bilan suhbatlar oʻtkazilgan va unda taʻlim jarayoni qanday tarzda boshlash haqida soʻrovnoma oʻtkazilgan.

Soʻrovnoma natijasiga koʻra jami ota-onalarning 69,1 foizi farzandlari darslarni onlayn tarzda olishini bildirgan. 30,9 foiz ota-ona esa anʻanaviy taʻlim berilishini afzal koʻrgan. Soʻrovnomada qatnashgan ota-onalarning maʻlum bir qismi faqat boshlangʻich taʻlimni anʻanaviy tarzda boshlash taklifini bildirgan.

Shundan soʻng, Samarqand shahridagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib faqat boshlangʻich sinflar uchun anʻanaviy taʻlim yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Jumladan, joriy yil 21-sentabrdan shahardagi faqatgina ikkita – 9 va 58-maktablarning boshlangʻich (1-4) sinflari uchun anʻanaviy taʻlim jarayonini boshlashga ruxsat berildi.

Qolgan maktablarda anʻanaviy taʻlim berish jarayoni faqat shahar sanitariya-epedemiologiya va osoyishtaligi markazi xulosasiga koʻra amalga oshiriladi.

Maʻlumot uchun, Respublika Maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, mamlakatda 7 va 14-sentabrdan hududlardagi epidemiologik holatga qarab maktablarni ochishga ruxsat berilgandi.